Prezidentning 2026-yil 2-oktabrdagi PQ–358-son qaroriga muvofiq, 14 ta pedagogika oliygohi va Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi 3 ta oliy taʼlim muassasasining boshqaruv tizimi oʻzgartirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlandi.
Qarorga koʻra, pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi qator vazifalar ham Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatildi.
Ular qatoriga oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yagona konseptual yondashuv asosida yuritish, pedagogik taʼlimni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish kiradi.
Shuningdek, pedagogika sohasidagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish hamda pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarining boshqaruv tizimini takomillashtirish ham vazirlik zimmasiga yuklandi.