Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona posti xodimlari xorijiy valyutani yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishni fosh qildi.
O‘zbekistondan Qirg‘izistonga chiqib ketish maqsadida postning “Chiqish piyoda” yo‘nalishidagi yashil yo‘lak orqali harakatlangan fuqaro bojxona nazorati va shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Nazorat jarayonida fuqaroning bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, yashirin holda olib chiqilayotgan xorijiy valyuta mablag‘lari borligi aniqlangan.
E’tiborlisi, jami 64 ming AQSh dollari miqdoridagi valyuta fuqaroning paypog‘iga yashirilgan holda olib chiqilayotgan bo‘lgan.
Bojxona xodimlarining hushyorligi va sinchkovligi natijasida 64 ming AQSh dollari aniqlanib, belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.