Xiva shahri hududida qariyb 8 gektarlik maydonga hududning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib tanlangan 3 ming tupdan ortiq daraxt va oʻsimlik koʻchatlari oʻtqazilmoqda.

Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur bogʻ Zamin fondi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Oʻrmon agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida barpo etilmoqda.

Koʻchatlar orasida goʻzal katalpa, oq tut, oddiy qayragʻoch, oq akatsiya, dala zarangi, shumtol, sharq tuyasi hamda boshqa manzarali daraxt turlari mavjud. Shuningdek, hududni yanada koʻkalamzorlashtirish maqsadida ikki ming donadan ortiq turli xil manzarali butalar ekilishi rejalashtirilgan.

“Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ecomaktab oʻquvchilari va mahalliy aholi bilan birgalikda Xivaning yangi yashil jamoat makonini barpo etishda qatnashdi.

Yangi bogʻ nafaqat shaharga koʻrk bagʻishlaydi, balki hududning ekologik holatini yaxshilashga muhim hissa qoʻshib, aholi uchun soʻlim dam olish va muloqot maskaniga aylanadi.