Bank maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, bankning bosh ofisi, 15 ta hududiy bank xizmatlari markazi va 46 ta bank xizmatlari ofisida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari dasturi ijrosi taʼminlangan.
25 ta funksiyada korrupsiyaviy xavflar aniqlangan
Bank tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijasida 25 ta funksiyada bunday xavflar aniqlangan. Bank maʼlumotiga koʻra, yuqori darajadagi qoldiq xavflar va korrupsiyaviy xatarlar toʻliq bartaraf etilgan.
Shuningdek, bank Kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, bosh ofisning 26 ta departamenti va mustaqil boshqarmalari, 15 ta bank xizmatlari markazi hamda 46 ta bank xizmatlari ofisidagi jami 1 361 nafar rahbar va xodimning manfaatlar toʻqnashuviga oid deklaratsiyalari tahlil qilingan.
Natijada 40 ta manfaatlar toʻqnashuvi holati aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrilgan.
ISO 37001:2025 xalqaro standarti boʻyicha sertifikat olingan
«Turonbank» tashqi audit natijalariga koʻra, korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining ISO 37001:2025 xalqaro standartiga muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan.
Ushbu standart korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, baholash va kamaytirish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, korrupsiyaviy xavflarga koʻproq moyil boʻlgan xodimlar xalqaro standart talablari asosida maxsus oʻqitilgan. Bank xodimlari uchun mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda seminar-treninglar va davra suhbatlari ham tashkil etilgan.
Bank xaridlarida shaffoflikni taʼminlash maqsadida kontragentlar haqidagi maʼlumotlarni monitoring qilish yoʻlga qoʻyilgan. Bunda manfaatlar toʻqnashuvi, bank xodimlari bilan affillanganlik va xaridlarning boshqa ishtirokchilari bilan aloqadorlik holatlari oʻrganilmoqda.
Korrupsiya haqida xabar berish kanallari ishlamoqda
Bankda korrupsiyaviy xatti-harakatlar haqida xabar berish uchun ishonch telefoni, Telegram-bot, elektron pochta va veb-sayt orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Hisobot davrida ushbu kanallar orqali ikkita murojaat kelib tushgan. Ular koʻrib chiqilib, murojaatchilarga javob xatlari yuborilgan.
Bank maʼlumotiga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish, xavf-xatarlarni bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish va xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.
«Turonbank» ATB matbuot xizmati
Reklama