Poezdda 586 ta o‘rin mavjud bo‘lib, jami 1154 nafargacha yo‘lovchi tashish imkoniyatiga ega. Yo‘l haqi kattalar uchun 10 ming so‘mgacha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 6,5 ming so‘m etib belgilangan.
Yangi qatnov 2025 yil 27 yanvarda qabul qilingan Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-28-son qarori asosida amalga oshirilgan loyiha doirasida yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida «Baytqo‘rg‘on – Parkent» temir yo‘l liniyasi qurildi. Uzunligi 24 kilometr bo‘lgan temir yo‘l to‘liq elektrlashtirildi. Shuningdek, 3 ta temir-beton ko‘prik, 1 ta avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi barpo etildi.
Bundan tashqari, 50 o‘ringa mo‘ljallangan «Parkent» temir yo‘l bekati qurildi.
Qayd etilishicha, yangi temir yo‘l qatnovi nafaqat Parkent aholisiining Toshkent bilan transport aloqasini yaxshilaydi, balki tumanning sayyohlik salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Transport infratuzilmasining rivojlanishi Parkentning sayyohlar uchun yanada qulay manzilga aylanishi, mahalliy turizmni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Zulxumor Akbarov