O’rganish davomida Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, “Yangi hayot” qo‘rg‘oni, Ohangaron trassasining 32-kilometrida joylashgan maishiy chiqindilarni joylashtirish poligonida chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish talablari yetarli darajada tashkil etilmaganligi natijasida 2026-yil 10-iyul kuni yong‘in sodir bo‘lganligi aniqlandi. Holat yuzasidan shu kunning o‘zida Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazilgan va aniqlangan holat yuzasidan poligon rahbari ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda yong‘inni tezda bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan.

Ekopolitsiya tomonidan o‘tkazilgan qayta o‘rganishda majburiy ko‘rsatma berilishiga qaramasdan, poligon rahbari tomonidan holat bartaraf etilmaganligi va 11-iyul kuni ham yong‘in davom etganligi kuzatilgan. Ekopolitsiya xodimlari tomonidan poligon rahbari R.B. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 91-moddasi 2-qismi bilan takroriy jarimaga tortilib, laboratoriya xodimlari jalb etilgan holda atmosfera havosining ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari o‘tkazilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, yong‘in oqibatida atmosferaga tashlangan ifloslantiruvchi moddalardan uglerod oksidi – 10,7 marta, formaldegid moddasi – 12,2 marta, azot ikki oksidi – 12,8 marta, oltingugurt ikki oksidi – 9 marta, vodorod sulfid – 1,5 marta belgilangan konsentratsiyadan oshib ketganligi aniqlangan.

Meteorologik kuzatuvlarga ko‘ra, 11-iyul kuni kechki soat 19:00 dan 20:00 gacha Toshkent shahrida shamolsizlik (shtil) kuzatilgan. So‘ngra shamol qisqa vaqt ichida kuchayib, aynan sharqiy va janubi-sharqiy yo‘nalishdan (Ohangaron yo‘nalishi) 5–8 m/s, ayrim hududlarda esa 10 m/s dan yuqori tezlikda esgan. Shu davrda atmosfera havosi monitoring stansiyalarida PM₂,₅ va PM₁₀ konsentratsiyalarining bir vaqtda oshishi qayd etilgan.

O‘tkazilgan laboratoriya tahlillari natijalari bo‘yicha atmosfera havosining ifloslanishi yuzasidan “MAXSUSTRANS-ISHB” DUKga 683 mln 870 ming so‘m miqdorida qo'shimcha kompensatsiya to‘lovlari hisoblanib, hujjatlar sud organiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Ohangaron tumani, “Yangi hayot” hududida joylashgan maishiy chiqindilarni joylashtirish poligonini qurish ishlari 2021-yilda boshlangan. Bugungi kunda poligon qurilishi yakuniga yetkazilmagan hamda foydalanishga topshirilmagan. Ammo “MAXSUSTRANS-ISHB” DUK tomonidan 2025-yil may oyidan buyon Toshkent shahridan hosil bo‘lgan maishiy chiqindilar ushbu poligonga olib kelinib joylashtirilmoqda.