Sentabr oyida El-Nino faollashib, kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli darajaga yetdi. Bu haqda Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lum qildi. Mutaxassislarning baholashicha, ushbu iqlim hodisasi butun qish davomida saqlanib qoladi, deb yozadi The Independent nashri.

Tinch okeani yuzasidagi suv harorati odatdagi ko‘rsatkichdan 4 darajaga yuqori bo‘ldi. Bu 1949 yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Sinoptiklar bir necha oydan beri bu yilgi El-Nino kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli hodisaga aylanishi mumkinligidan ogohlantirib kelmoqda. Shu sababli bu hodisa “super El-Nino” deb atalmoqda.

El-Nino — dunyo bo‘ylab ob-havoga ta’sir ko‘rsatadigan tabiiy iqlim siklining iliq bosqichidir. U global haroratning ko‘tarilishiga va katta hududlarda yog‘ingarchilikning odatiy taqsimoti o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Ayrim joylarda bu qurg‘oqchilikka, boshqa hududlarda esa kuchli yomg‘irlarga olib keladi. Odatda, bu hodisa har ikki yildan yetti yilgacha bo‘lgan oraliqlarda takrorlanadi.

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) ham El-Nino kuchayishda davom etishi va taxminan dekabr oyida o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetishini ma’lum qildi, deb xabar berdi korrespondent.net.

“JMT prognozlariga ko‘ra, ushbu hodisaning 2027 yil fevral oyigacha davom etish ehtimoli 100 foizga yaqin. U 1950-yildan beri kuzatilgan eng kuchli hodisalardan biriga aylanishi mumkin”, — dedi tashkilot bosh kotibi Seleste Saulo.

Chikago universiteti ma’lum qilishicha, El-Nino bilan bog‘liq issiqlik 2026 yil iyun oyidan 2027-yil fevral oyigacha bo‘lgan davrda butun dunyo bo‘ylab qo‘shimcha 451 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilarning baholashicha, o‘ta yuqori harorat kuzatiladigan kunlar soni odatiy yillarga nisbatan 44 foizga oshadi.