Bu haqida «Dunyo» AA xabar berdi.
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov «Alfit» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, kompaniyaning zamonaviy fitoterapevtik mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, ularning savdosini yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralarda mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida «Alfit plyus» kompaniyasi vakillarini joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotgan Oltoy o‘lkasi biznes-missiyasi tarkibiga kiritish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida «Alfit» kompaniyasining yaqin vaqt ichida Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochishi, keyinchalik esa O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hamkorlikning keyingi bosqichida ishlab chiqarishni «Chirchiq» erkin iqtisodiy zonasi hududida mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, «Alfit» kompaniyasi 350 dan ortiq turdagi fitomahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlari orasida kapsula shaklidagi fitoyig‘malar, o‘simlik ekstraktlari, maxsus kosmetika vositalari hamda shakar qo‘shilmagan qandolat mahsulotlari mavjud.