Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, ov qilish ovchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan ov qilish joylarida hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilangan erkin ov qilish joylarida amalga oshiriladi.
Ovchilik xoʻjaliklari pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni toʻliq bosqichda yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan holda oʻzlariga biriktirilgan ov qilish joylariga qoʻyib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga teng miqdordagi yovvoyi hayvonlarni ularning urchish paytidan tashqari yil davomida ov qilishni tashkil etishi mumkin.
Bunda yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma olish talab etilmaydi.
Yovvoyi hayvonlarning urchish payti Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti xulosasi asosida belgilanadi.
Shuningdek, kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, ovchilik guvohnomasini berish jarayonlari raqamlashtirilishi belgilandi.
Bunda guvohnoma muomalaga layoqatli, 18 yoshga toʻlgan, ovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus oʻquv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan jismoniy shaxslarga:
YAIDXP (my.gov.uz) orqali Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan 2 yil muddatga beriladi.
Ovchilik guvohnomasining amal qilish muddati talabgurning arizasiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.