Farmon davlat bojxona xizmati organlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali “Intellektual bojxona” tizimiga transformatsiya qilish, sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda korrupsiyadan xoli tizim yaratishga qaratilgan.
Strategiya doirasida 2030-yilga qadar inson omilisiz amalga oshiriladigan bojxona rasmiylashtiruvi darajasini 60 foizga yetkazish, bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 4,4 foizga oshirish va bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini ikki barobar qisqartirish belgilangan.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator talablar bekor qilindi.
Jumladan, tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida import qilishda xorijiy hamkorga oldindan toʻlov oʻtkazish cheklovi hamda eksportda oldindan 50 foiz tushumni taʼminlash talabi bekor qilindi.
Tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan toʻlovni taʼminlash yoki akkreditiv, bank kafolati va sugʻurta polisi kabi kafolat shakllarini taqdim etish talabi ham amaldan chiqarildi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan oʻtkazish uchun namuna miqdori yetarli boʻlmagan hollarda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish talabi bekor qilindi.
Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida ayrim mahsulotlarni olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etish talabi ham bekor qilindi. Ularning mavjudligi majburiy muvofiqlikni baholash va sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish jarayonida nazorat qilinadi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-oktyabrdan soliq organlarida xavf darajasi past boʻlgan va qoʻshilgan qiymat soligʻi guvohnomasi faol tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga importda toʻlanadigan QQS summalarini oʻzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, eksportda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish va takomillashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yigʻim va toʻlovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.