Yig‘ilishda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning turizm sohasiga mas’ul idoralari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Kotibiyati vakillari qatnashdi.

Kun tartibidan MDH davlatlarida turizmni rivojlantirish tendensiyalari va istiqbolli loyihalar, 2021–2030-yillarga mo‘ljallangan Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi, turistik oqimlarni statistik hisobga olish va prognozlash, kadrlar tayyorlash, shuningdek, sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Yig‘ilishda o‘zaro turistik oqimlar to‘g‘risidagi statistik va tahliliy ma’lumotlarni muntazam almashish mexanizmlarini takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, MDH davlatlarining turizm sohasidagi vakolatli organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda milliy raqamli platformalar axborot resurslarini integratsiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘ilish doirasida Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetining MDHga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi tayanch tashkiloti sifatidagi faoliyati alohida muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sandjar Tadjiyev ma’ruza qilib, universitetning bugungi faoliyati, xalqaro hamkorligi, ta’lim va ilmiy dasturlari, shuningdek, MDH davlatlarining sohaviy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Kun tartibidagi muhim masalalardan biri Kengashga navbatdagi raislikni belgilash bo‘ldi. Belgilangan rotatsiya tamoyiliga muvofiq, 2026–2027-yillar davrida MDHga a’zo davlatlarning Turizm bo‘yicha kengashiga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi va Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Kengash raisi etib belgilandi. Shuningdek, Kengashning 2027-yildagi navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

O‘zbekistonning Kengashdagi raisligi davrida transchegaraviy turizmni rivojlantirish, turistik statistika va tahliliy ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish, sohada malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda qo‘shma turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlik MDH doirasida turizm sohasidagi amaliy aloqalarni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiladi.