Darhaqiqat, ana shu ilg‘or intellektual elitaning o‘tgan asr avvalida — g‘oyat murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyatda jamiyatni modernizatsiya qilish, xalqni jaholat va zulm kishanlaridan ozod etish, davlatchilik negizi bilan birga milliy o‘zlik asoslarini tiklash haqidagi orzulari bugun real voqelik, amaldagi qadriyatlar sifatida hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, xalqni birlashtirish, tarqoq aholi qatlamlarini yagona millatga aylantirish uchun barcha zamonda ham buyuk g‘oyalar kerak bo‘lgan. Ular el-ulusning azaliy orzu-umidlari, tub maqsad va manfaatlarini mujassam aks ettirgan taqdirdagina jamiyatni uyg‘otib, uni katta bunyodkor kuch, qudratli ijtimoiy harakatga aylantirgan. Hozir biz intilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi aynan ana shu talablarga javob berishi bilan g‘oyat muhim. Biz bu g‘oya timsolida keyingi ming yil davomida o‘zining buyuk bunyodkorlik salohiyati, fidokorona mehnati va ma’naviy jasorati bilan Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga doyalik qilgan mard va donishmand xalqimizning asl bunyodkorlik qiyofasini bamisoli tiniq ko‘zguda ko‘rgandek bo‘lamiz. Hech shubhasiz, bu bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, tomirlarimizda uxlab yotgan ming yillik kuch-g‘ayrat, ilm-ma’rifat va ishonch tuyg‘usini qayta uyg‘otgandek bo‘ladi.

Ishga tushirilganiga hali bir yil ham bo‘lmagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy ma’rifiy majmualariga xalqimiz nima uchun katta havas va qiziqish bilan qaramoqda? Chunki yangi O‘zbekiston mo‘jizalari deb baholanayotgan bu me’moriy durdonalar qalbimizdagi ilm-ma’rifatga, o‘zlikni anglashga chanqoq nuqtalarga go‘yoki uch ming yillik tariximiz va madaniyatimiz bag‘ridagi giyohlardan malham qo‘ygandek bo‘ldi. Atoqli shoirimiz Omon Matjon aytganidek:

Yolg‘onning taxtdagi ming yil davroni

Haqiqat aytilgan bir damcha yo‘qdir.

Chindan ham Islom sivilizatsiyasi markazi zallarini bir marta aylanib chiqsangiz, ota-bobolarimizning ongu tafakkuriga asrlar davomida singdirib kelingan soxta gaplar bir zumda chippakka chiqib ketganini ko‘ramiz. Bu ulug‘ ma’rifat dargohidan butunlay boshqa odam bo‘lib chiqamiz. Haqqoniy tarix va madaniyat namunalari bizga o‘zligimizni, milliy g‘ururimizni qaytarib bergandek bo‘ladi.

Jahon adabiyotining mumtoz namunalarini, deylik, Gulxaniy bobomizning “Zarbulmasal”idan tortib, Paulo Koeloning mashhur asarlarini olasizmi — barchasida bir g‘oya, ya’ni shaxs faqat o‘zlikka qaytish orqaligina baxt va erkinlikka erisha olishi ta’kidlanadi. Olimlarning qayd etishicha, rosmana donishmandlik va qalb xotirjamligi esa, avvalo, o‘zini bilish va anglashdan, kuchli va kuchsiz jihatlarini idrok etishdan boshlanar ekan. Mavlono Rumiyning “Ichindagi ichindadur” degan iborada jam bo‘lgan falsafiy qarashlari ham shu fikrni tasdiqlaydi.

Qisqasi, O‘zbekiston istiqboli, xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun zamin bo‘ladigan g‘oyaviy-mafkuraviy asoslarni olis o‘lkalardan yoki okean ortidan emas, mana shu yurtimiz tuprog‘idan, ajdodlarimizning ezgu intilishlaridan, xalqimiz, jumladan, yoshlarimizning bunyodkorlik qudrati va salohiyatidan izlashimiz kerak. Uchinchi Renessans g‘oyasi ham aslida barchamizni shunga — baxt va taraqqiyot formulasini o‘z tariximizdan izlashga da’vat etadi.

Jadid bobolarimizning maqsadi ne edi?

O‘tgan asr bo‘sag‘asida Turkiston chuqur inqiroz domida qolgan edi. Chorizm imperiyasining mustamlakachilik zulmi va ichki konservativ turg‘unlik iskanjasida ezilib yotgan o‘lka o‘zining asrlar davomida misqollab yig‘ilgan mustaqil tarixiy subyekt sifatidagi qiyofasi va belgi-alomatlarini botmonlab boy berayotgan edi. Bu jarayonlarning halokatli oqibatlarini oldindan ko‘ra bilgan mahalliy ziyolilarning ilg‘or qatlami qudratli ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’rifiy hodisa — jadidlik harakatiga asos soldi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Fitrat, Is'hoqxon Ibrat, Cho‘lpon o‘rta asrlarga xos turmush tarzini, eskirgan ijtimoiy munosabatlarni tubdan modernizatsiya qilmay turib, haqiqiy mustaqillikka erishish va mintaqaning qadimiy shon-shuhratini qayta tiklash imkonsiz ekanini yaxshi anglagan edi. Ularning islohotchilik qarashlarida uchta fundamental masala o‘qildiz bo‘lib turardi.

Birinchisi — ta’lim islohoti. Maktablardagi o‘rta asrlarga xos quruq yodlashdan yangi usuldagi maktablarga o‘tish maqsad qilib qo‘yildi. Jadidlar o‘quv jarayoniga, avvalo, matematika, fizika, geografiya va tarix kabi aniq va dunyoviy fanlarni kiritdi. Chunki Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek, “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozim” edi.

Ikkinchi masala — iqtisodiy erkinlik. Harakat yetakchilari moliyaviy mustaqilliksiz siyosiy ozodlik xomxayol ekanini yaxshi tushunardi. Ular shirkatlar, nashriyotlar tashkil etdi, milliy tadbirkorlikni rivojlantirdi. Turkiston iqtisodiyotini jahon xo‘jaligi tizimiga xomashyo bazasi emas, balki teng huquqli sherik sifatida integratsiya qilishga intildi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand” gazetasida chop etilgan maqolasidagi mana bu fikrlar o‘z davri uchun juda katta ahamiyatga ega edi: “Turkiston mevasi, donasi, toshi, tufrog‘i, eski nimarsalari Ovrupo bozoriga ketar. Muni Ovrupo dallollari kelib, oz bahoga olib ketar, mehnatni biz qilurmiz, foydani ular ko‘rar. O‘z nimarsamizni Ovrupo bozoriga eltib, yaxshi bahoga sotaturg‘on bizda bir odam yo‘q. Azbaski, Ovrupo ila savdo qilaturg‘on kishini (o‘zi) avval o‘n sana zamona ilmini o‘qumog‘i lozim. Bizda shohi, adras, beqasam, alocha... bofliklar bor. Agarda bir nafar texnik va muhandisimiz bo‘lsa, bu dastgohlarni isloh etar, aholi obod bo‘lur. Valloh, yaqin vaqtda “doka” bofillarimizdek zoye’ bo‘lib ketar. Chunki Ovrupo yangi asbob ila mundin yaxshi qilib chiqorur”.

Uchinchi masala — davlat va huquqiy ongni tadrijiy o‘zgartirish. Jadidlar fuqarolik jamiyatining dunyoviy institutlariga doir konsepsiyani shakllantirdi, qonun ustuvorligi, huquqlar tengligi va matbuot erkinligi uchun kurashdi. Ular nashr ettirgan “Sadoi Turkiston”, “Oyina”, “Najot” kabi nashrlar ochiq ijtimoiy-siyosiy muloqotning ilk maydoniga aylandi. Abdulla Qodiriy “Yig‘indi gaplar” maqolasida o‘sha davrdagi ahvolni achchiq kulgi ostiga olib, “...Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti,... yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla,... va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir”, deb yozadi.

Ammo 30-yillardagi qonli qatag‘on jadid yetakchilari faoliyatiga butunlay barham berdi. Millat oydinlari jismonan yo‘q qilindi, biroq ular ilgari surgan g‘oyalar xalqning ongu tafakkuri va genetik kodida saqlanib qoldi. Mana endi oradan bir asr o‘tib, u yangicha qiyofada bo‘y ko‘rsatdi. Bugungi Uchinchi Renessans bu — jadid bobolarimiz boshlagan, tarixiy fojialar sababli tugallanmay qolgan ulug‘ ishning yangi ijtimoiy uyg‘onish sifatida qaytadan yuz ko‘rsatishi desak, xato bo‘lmaydi.

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar xronologiyasiga nazar tashlasak, nozik qonuniyatni kuzatishimiz mumkin. Bu jarayondagi ketma-ketlik amerikalik mashhur ruhiyatshunos Abraham Maslouning ehtiyojlar piramidasiga uyg‘un bo‘lib ko‘rinadi. Unga ko‘ra, inson hayotining asosini fiziologik ehtiyojlar, ya’ni ovqat, suv, uyqu hamda boshpana tashkil etadi. Keyingi o‘rinda xavfsizlik ehtiyoji turadi. Bularga himoya, barqarorlik, qonun va ertangi kunga ishonch ham kiradi. Bu ehtiyojlar ta’minlanganidan keyingina ijtimoiy ehtiyojlarga o‘rin beriladi. Shundan so‘ng hurmat va insoniy qadr-qimmatga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bu — erishilgan yutuqlarning e’tirof etilishi, jamiyatda hurmat-e’tibor topish va o‘z qadr-qimmatini anglash demakdir. Eng oxirgi o‘rinda o‘zini namoyon qilish, ya’ni shaxsiy salohiyatni yuzaga chiqarish, ijod, erkin tafakkur va o‘z hayot yo‘lini topib olish kabi masalalarga e’tibor qaratish mumkin. Ya’ni biz orzu qilgan ongli va mamlakatni taraqqiyotga boshlaydigan jamiyatni qurish uchun mana shu bosqichlardan birma-bir o‘tishimiz kerak.

Maslou ta’kidlaganidek: “O‘lar darajada och odamni ovqatdan boshqa hech narsa qiziqtirmaydi. Uning tushiga ovqat kiradi... Boshqa har qanday maqsadlar — erkinlik, muhabbat, hurmat, falsafa arzimas matohga aylanib qoladi”.

Ana shu asosida fikrlasak, mamlakatimizda 2016 yilda boshlangan demokratik islohotlarning birinchi bosqichi jamiyatning eng birlamchi ehtiyojlarini qondirishga qaratildi deb xulosa chiqarish o‘rinlidek tuyuladi. Valyuta konvertatsiyasi, majburiy mehnatning bekor qilinishi, tadbirkorlik yo‘lidagi byurokratik g‘ovlarning olib tashlanishi insonga o‘z qadr-qimmatini qaytarib berdi.

Albatta, kundalik sun’iy to‘siqlarni yengish bilan ovora bo‘lgan xalq texnologik va intellektual sakrashlar haqida o‘ylay olmaydi. Ma’rifatga ehtiyoj tug‘ilishi uchun, avvalo, ijtimoiy ehtiyojlar ta’minlanishi shart edi.

Mintaqaviy birdamlik va yaxshi qo‘shnichilik:

Amir Temur o‘giti

Hech bir Renessans dunyodan uzilgan holda yoki tashqi tahdidlar sharoitida rivojlana olmaydi. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan konstruktiv va do‘stona muloqot tiklangani yangi O‘zbekiston uchun ikkinchi muhim qadam bo‘ldi. Mamlakatimiz ulkan iroda, jasorat va tashabbus ko‘rsatib, mintaqadagi integratsiya jarayonining lokomotiviga aylandi. Bu siyosat Amir Temurning o‘z zamonida shakllantirgan davlatchilik tafakkuri bilan ko‘p jihatdan mushtarak ekani e’tiborlidir.

“Temir tuzuklar”ida “Qo‘shnilar bilan tinchlik va totuvlik bo‘lmagan joyda savdo xonavayron bo‘ladi, madrasalarda chiroqlar o‘chadi, olimlarning ovozi o‘chadi. Mulk faqat uning atrofida tinchlik va adolat hukm surgandagina mustahkamdir”, deb ta’kidlaydi. Bu bebaho fikrlar aynan bugunimiz uchun aytilgandek.

Turkiston jadidlarining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy ham yurt ravnaqi uchun xalqaro munosabatlarni hisobga olishning ahamiyatini ta’kidlab, “...50 sana muqaddamgi zamonda biz — turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon o‘zgarib, boshqa millatlar ila maxlut bo‘lduk, shariat va o‘z urfimiz ustiga qonun va Ovrupo odatiga itoat qilmoqqa majburmiz”, deydi.

Mashhur geosiyosatchi Zbignev Bjezinskiy “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida “Markaziy Osiyoning haqiqiy kuchi yer osti boyliklarida emas, balki mintaqaning yagona barqarorlik, savdo va madaniyat maydoniga aylana olish qobiliyatidadir”, deb mintaqamizdagi bugungi ijobiy jarayonlarni oldindan bashorat qilgandek bo‘ladi.

Prezidentimiz doim uqtirib kelayotganidek, eng muhimi, yurtimizdagi islohotlar natijasini bugun odamlarning kundalik hayoti, kayfiyati, dunyoqarashida yaqqol ko‘rish mumkin. Yoshlarimizning nutqida chegara yo‘qligi, hayotda marrani katta olayotganidan bilish mumkinki, O‘zbekiston insoniy jihatdan ham rivojlanishning butunlay yangi bosqichini boshdan kechirmoqda. Biz dunyoga, ilgari o‘zimiz yetolmagan imkoniyatlarga ochildik, lekin shu bilan birga, jahonda kuzatilayotgan xavotirli vaziyatlardan to‘la himoyalangan emasligimizni ham tan olishimiz kerak.

Jadidlar nega aynan erkinlik va ozodlikka intilgan edi? Nega ular maorif va matbuotni erkinlikning ajralmas qismi deb bildi? Chunki ma’rifatparvar bobolarimiz oddiy bir haqiqatni chuqur anglab yetgan edi: erkinlik shunchaki siyosiy maqom emas, balki inson tafakkuri, ma’naviy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqaradigan ijtimoiy muhit hamdir. Qaram va tobe inson ijod qila olmaydi, kashfiyot yaratolmaydi, Vatanining taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga ololmaydi. Tobelik insonni faqat maishiy va ko‘r-ko‘rona bo‘ysunish darajasida hayot kechirishga majbur qiladi.

Jadid namoyandalarining boy merosini arxiv tadqiqotlari doirasida qoldirmay, ularning ma’rifiy kuchidan islohotlar jarayoni va vatanparvarlik tarbiyasida foydalanishda yuqori darajadagi institutsional ko‘mak muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz tashabbusi bilan jadidlar falsafasi zamonaviy qarorlar va madaniy trendlar tiliga tarjima qilinmoqda.

Global ilmiy muloqot. Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” xalqaro konferensiyasi dunyoviy huquqiy davlat barpo etish, so‘z erkinligi va ta’limni modernizatsiya qilish bo‘yicha yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar jadidlar boshlagan yo‘lning davomi ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Til va alifbo islohoti. Lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosiga doir islohotni yakuniga yetkazishga qaratilgan tashabbus global raqamli makonga to‘liq integratsiyalashuv yo‘lida muhim qadam bo‘lib, o‘z vaqtida jadidlar til bo‘yicha o‘tkazgan munozaralar bilan hamohangdir.

Ma’rifatni ommalashtirish. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimediali ko‘rgazmasi tarixiy xotira va xorijda ta’lim olayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlar o‘rtasida mustahkam ko‘prikdir.

Ayni shunday yondashuv tufayli jadidlik harakati, boy merosi faqat darslik va kitoblardagi statistik qaydlardan iborat bo‘lib qolmay, davlat taraqqiyotining dinamik brendiga aylanishi uchun sharoit yaratildi.

Amaliy ifoda

Jadid bobolarimizning orzu-armonlari bugun “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak barpo etamiz!” degan ezgu g‘oya ostida amalga oshirilayotgan va yaqin yillarga mo‘ljallangan islohotlarda o‘z aksini topmoqda.

Kafolatli ta’lim va kelajak kasblari. Maktabgacha ta’limda qamrovni 100 foizga yetkazish, 1 million yoshni AT va zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarini jahonning yuqori reytinglariga kiritish — jadidlarning ma’rifatchilik missiyasini davlat miqyosida davom ettirishning amaliy ifodasidir.

Iqtisodiy suverenitet. 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiyotga 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yuqori daromadli minglab ish o‘rinlarini ochish orqali moddiy mustaqillik asoslari mustahkamlanmoqda.

Ijtimoiy va huquqiy kafolatlar. Mahalla institutini modernizatsiya qilish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash va sog‘liqni saqlashga ajratiladigan mablag‘larni YAIMning 5 foiziga yetkazish — ajdodlarimizning qonun ustuvor bo‘lgan va ijtimoiy mas’uliyatli davlat haqidagi g‘oyalari bugun evolyutsion, ya’ni tadrijiy tarzda amalga oshirilayotganidan dalolat deyish mumkin.

Hozir biz uchun yana bir ulug‘ maqsad — Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda asosiy bunyodkor kuch bo‘ladigan, erkin va ozod fikrlaydigan avlodni tarbiyalashdan iborat. Biz yoshlarimizni buyruq va ko‘rsatmalarni ko‘r-ko‘rona bajaradigan passiv ijrochi emas, balki mustaqil fikrga ega, jahon standartlari darajasida fikrlaydigan, o‘z haq-huquqi va mas’uliyatini anglaydigan komil inson etib kamolga yetkazmoqchimiz. Prezident maktablari, AT parklari, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning tub mohiyati ham aynan shu maqsadga yo‘naltirilgan.

Amerikalik sotsiolog Frensis Fukuyama ta’kidlaganidek, millatning yashovchanligi va raqobatdoshligi uning moliyaviy kapitali bilan emas, balki ijtimoiy ishonch darajasi va institutlar sifati bilan belgilanadi.

Uchinchi Renessans shunchaki shior yoki moziyga ehtirom emas. Bu insonning bazaviy ehtiyojlarini yuksak darajada ta’minlash va mintaqada xavfsizlikni mustahkamlashdan tortib, fuqarolik subyekti sifatidagi milliy o‘zlik tuyg‘usi va ozod tafakkurni uyg‘otishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladigan uzoq muddatli va puxta ishlab chiqilgan strategiyadir.

Jadid bobolarimizning qora o‘tmishdagi o‘ta fojiali davrda to‘liq ro‘yobga chiqmay qolgan orzu-armonlari yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshib, ana shu strategiya asosida mustahkam institutsional maqomda yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda.

Biz — yoshlar bu haqiqatni chuqur anglagan holda bugungi buyuk va ortga qaytmas jarayonlarning ishtirokchisi ekanimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Yurtimizning millionlab o‘g‘il-qizlari ayni shunday faxr va ishonch tuyg‘usi bilan dadil maydonga chiqayotgani mamlakatimizning ulkan salohiyati va imkoniyatidan dalolat beradi.

Visola QARSHIBOYEVA