Tadbir «Hamjihatlikdagi taraqqiyot, umumiy inson huquqlari: Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganining 40 yilligi va inson huquqlari sohasidagi global boshqaruvning yangi istiqboli» mavzusiga bag‘ishlandi.

Forumda asosiy e’tibor raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va global ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sharoitida rivojlanish huquqini ta’minlashga doir zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratildi.

Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi.

Forumda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan davlat organlari, ilmiy-ekspert hamjamiyati va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari – jami 400 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Inson huquqlari sohasidagi global boshqaruv forumi Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining Matbuot idorasi va XXR Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati hamda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.

Yalpi majlisda Milliy markaz vakili tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy davlat tamoyillariga asoslangan islohotlarga, inson kapitalini rivojlantirishga, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga va aholini ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, inson huquqlari sohasidagi ta'limni ilgari surish va barqaror rivojlanish uchun imkoniyatlarni mustahkamlash borasidagi tajribasi taqdim etildi.

Forum ishtirokchilari joriy yiln sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumida ishtirok etishga taklif etildi.

Forum ishtirokchilari tomonidan Xitoyning mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi sezilarli yutuqlari qayd etildi. Inson huquqlarini ilgari surish va insoniyatning yagona taqdiri hamjamiyatini shakllantirish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim ekani ta'kidlandi.

Forum doirasida Xitoyning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejasi ham taqdim etildi.

Dastur doirasida Forum o‘z ishini beshta mavzuli sho‘balarda davom ettirdi. Bunda global boshqaruv va inson huquqlari, sun’iy intellekt davrida rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish, modernizatsiya va insonning har tomonlama kamol topishi hamda xalqaro inson huquqlari kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi.

Forum yakunida zamonaviy texnologiyalar, iqlim va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan bog‘liq turli tahdidlar sharoitida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar rivojlanish huquqini ilgari surish hamda inson huquqlari sohasidagi global boshqaruv tizimini takomillashtirish muhimligini tasdiqladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.