Marosim avvalida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari maydonda saf tortdi.
Davlatimiz rahbari stadionda toʻplangan yurtdoshlarimiz, futbol muxlislari, milliy terma jamoa aʼzolari, murabbiylar shtabi va sport jamoatchiligi vakillarini katta futbol bayrami bilan tabrikladi.
Bugungi kun oʻzbek futboli uchun yana bir tarixiy sana ekani, milliy terma jamoamiz AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida oʻtadigan jahon chempionatiga katta ishonch va ezgu tilaklar bilan kuzatilayotgani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari futbolchilarimiz mamlakatimizga unutilmas quvonchli kunlarni taqdim etganini taʼkidlab, ularga, ularni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalariga, ustoz va murabbiylariga, terma jamoamizning barcha aʼzolariga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
Marosimda futbol muxlislarining milliy jamoaga boʻlgan mehri va sadoqati alohida eʼtirof etildi. Prezident gʻalaba onlarida ham, qiyin damlarda ham futbolchilar bilan birga boʻlib, ularni doimo qoʻllab-quvvatlab kelayotgan yurtdoshlarimizga rahmat aytdi.
Fan-klublar faoliyati ham alohida qayd etildi. Taʼkidlanganidek, ular terma jamoa oʻyinlarini nafaqat tribunadan kuzatmoqda, balki har bir bahsda oʻzbekona, betakror uslubi bilan “oʻn ikkinchi oʻyinchi” vazifasini munosib bajarib kelmoqda. Davlatimiz rahbari ular jahon chempionatida ham minglab yurtdoshlarimiz va xorijdagi vatandoshlarimiz bilan birga futbolchilarimizni qoʻllab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.
Prezidentimiz mamlakatimizda futbol allaqachon har bir oilaning doʻstiga aylanganini taʼkidladi. Sportchilarimiz erishayotgan yutuqlardan ruhlangan farzandlarimiz orasidan ham kelajakda yangi chempionlar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda sportga qaratilayotgan eʼtibor, har bir hududda bunyod etilayotgan yirik sport inshootlari, joylarda tashkil etilayotgan professional futbol akademiyalari va yaqinda ish boshlagan Milliy futbol markazi yoshlarimizning yangi yutuqlarga erishishi uchun mustahkam zamin boʻlayotgani qayd etildi.
Shuningdek, oʻtgan yili poytaxtimizda 100 gektardan ziyod maydonda 5 ta yirik sport majmuasini oʻz ichiga olgan Olimpiya shaharchasi qurib bitkazilgani, Yangi Toshkentda FIFA standartlariga toʻliq javob beradigan 55 ming oʻrinli muhtasham stadion qad rostlayotgani taʼkidlandi. Bu kabi zamonaviy inshootlar yurtimizda nufuzli xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga, sportchilarimizni yanada ulkan gʻalabalar sari yetaklashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari milliy terma jamoa aʼzolariga murojaat qilib, xalqimiz ularga oq fotiha berib, katta mundialga kuzatayotganini taʼkidladi. Oldinda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo terma jamoalari bilan muhim oʻyinlar kutib turgani, futbolchilarimiz katta kuch-gʻayrat va ishonch bilan maydonga chiqishi zarurligi qayd etildi.
– Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz. Haqiqiy oʻzbekona jasorat, matonat va irodangiz bilan chiroyli va ishonchli oʻyin koʻrsatib, barchamizni xursand qilasiz deb ishonamiz, – dedi Prezident.
Nutq yakunida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari bilan esdalik suratiga tushdi.
Konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir yakunida milliy terma jamoaning nazorat uchrashuvi boʻlib oʻtdi.