Rasmiy xizmat mavjud bo‘lgan xaritadan mazkur mamlakat ham o‘rin oldi. 23 maydan boshlab Qirg‘iziston Starlink xaritasida “mavjud” deb ko‘rsatildi. Foydalanuvchilardan ulanish mavjudligini tekshirish va xizmatga ro‘yxatdan o‘tish uchun veb-saytda ma’lum bir manzilni kiritish so‘raladi.
“Elkat” kompaniyasi loyiha 25-maydan boshlab to‘liq faol bosqichga kirishini tasdiqladi va ular infratuzilma hamkori ekanligini ta’kidladi, deb xabar berdi kaktus.media.
“Elkat” abonentlar mahalliy Qirg‘iziston IP-manzilini olishlarini va barcha internet-trafik terminallarga to‘g‘ridan to‘g‘ri Qirg‘iziston suveren trafiki sifatida sun’iy yo‘ldoshlardan yuborilishini ta’kidladi.
Avvalroq Qirg‘izistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish yakuniy bosqichda edi. Aprel oyida Vazirlar Mahkamasi sinov loyihasi uchun barcha zarur ruxsatnomalar olingani va Starlink talab qilingan shartlarni bajargani va vakolatli davlat idoralari bilan shartnomalar imzolagani haqida xabar bergan edi.
“Elkat” kompaniyasining ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldosh internetining joriy etilishi chekka va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari aholisini yuqori tezlikdagi aloqa bilan ta’minlashga, shuningdek, maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlarni raqamli resurslarga ulashga yordam berishi kerak.
Starlink — SpaceX kompaniyasining sun’iy yo‘ldosh internet xizmati. U past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i orqali internetga kirish imkonini beradi, bu ayniqsa ishonchli yer usti aloqasi yoki optik tolali infratuzilmaga ega bo‘lmagan hududlar uchun muhimdir.