Maʼlum qilinishicha, davlat OTMlariga oʻqishni koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarning arizalarini koʻrib chiqish natijasida ayrim arizalar kamchiliklari mavjudligi sababli rad etilgan.

Shu munosabat bilan ariza yuborgan, biroq arizasi rad etilgan talabalarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va arizalarini qayta tahrirlash uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratildi.

Mazkur imkoniyatdan 10 avgustga qadar foydalanish mumkin. Ushbu muddat tugaganidan keyin arizalarni tahrirlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Kamchiliklari belgilangan muddatda bartaraf etilmagan arizalar esa koʻrib chiqilmaydi.

Oʻqishni koʻchirish turiga qarab arizalar quyidagi platformalar orqali tahrirlanadi:

  • my.uzbmb.uz — xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan davlat OTMlariga oʻqishni koʻchirish uchun;
  • transfer.edu.uz — davlat oliy taʼlim muassasalariaro hamda bir OTM doirasida oʻqishni koʻchirish uchun.