Uning qayd etishicha, mazkur hujjat jamiyat xavfsizligi, aholi salomatligi va yoshlar kelajagini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Qonunga muvofiq, yashirin narkolaboratoriyalar va bangixonalar tashkil etish, narkotik moddalar savdosiga homiylik qilish, ularni internet tarmoqlari yoki transmilliy kanallar orqali tarqatish kabi o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun yangi javobgarlik choralari joriy etildi. Endi bunday qilmishlarni sodir etgan shaxslarga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Shuningdek, uyushgan narkojinoyatchilik uchun belgilangan jazolar sezilarli darajada kuchaytirildi. Ilgari ayrim jinoyatchilar jazoning ma’lum qismini o‘tab, muddatidan avval ozodlikka chiqqan holda noqonuniy faoliyatini davom ettirgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra, og‘ir narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslar jazo muddatini to‘liq o‘tashlari shart bo‘ladi.
Qonun yoshlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratgan. Voyaga yetmaganlarni narkotik moddalar iste’moliga undash og‘ir jinoyat sifatida baholanib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Ta’lim muassasalari, talabalar turar joylari, bolalar oromgohlari va boshqa tarbiya muassasalarida yoshlarni narkojinoyatlarga jalb qilgan shaxslar ham qattiq javobgarlikka tortiladi.
Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’kidlashicha, mazkur qonunning asosiy maqsadi faqat jazoni kuchaytirish emas, balki xalq salomatligini muhofaza qilish, millat genofondini asrash va yosh avlodni narkotiklar balosidan himoya qilishdan iborat.
Bugungi kunda davlat organlari tomonidan narkolaboratoriyalar, uyushgan jinoyiy guruhlar va narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq kanallarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu kurashda jamoatchilik, ayniqsa, ota-onalarning o‘rni beqiyos.
Farzandlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish, ularning atrof-muhiti va qiziqishlarini doimiy nazorat qilish, zararli illatlardan ogoh etish har bir oilaning muhim vazifasidir. Zero, yoshlar kelajagi — mamlakat kelajagidir. Narkotiklar balosiga qarshi kurash esa davlat va jamiyatning umumiy mas’uliyati hisoblanadi.