Respublika ishchi guruhi 7–11 sentyabr kunlari institutning ta’lim, boshqaruv, ilmiy-tadqiqot va moddiy-texnik imkoniyatlarini keng qamrovli o‘rganmoqda.

Akkreditatsiya jarayonida 3 nafar horijlik ekspertdan iborat 18 kishilik ishchi guruh institut faoliyati bilan tanishmoqda.

Jarayonning dastlabki kunida institut rektori Shavkat Hasanov muassasaning strategiyasi va erishgan yutuqlari haqida taqdimot o‘tkazdi. Shundan so‘ng ekspertlar axborot-resurs markazi, laboratoriyalar, xorijiy hamkorlik va startap loyihalari, talabalar turar joyi, boshqaruv, moliya hamda ichki ta’lim sifatini ta’minlash tizimini o‘rgandi.

Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti, texnika fanlari doktori Dilmurod Hakimovning ta’kidlashicha, kompleks akkreditatsiya ta’lim muassasasining talabalarga sifatli ta’lim berish va ularni keyingi hayotga tayyorlash uchun yetarli imkoniyat hamda moddiy-texnik bazaga ega ekanini baholashga qaratilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, akkreditatsiya kompleks va maxsus turlarga bo‘linadi. Kompleks akkreditatsiya besh yilda bir marta o‘tkaziladi va unda inson resurslari, moddiy-texnik baza, boshqaruv, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlar belgilangan mezonlar asosida baholanadi.

Shuningdek, jarayon doirasida xodimlar, talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi. O‘rganishlar yakunida ishchi guruh ta’lim muassasasining belgilangan talablarga muvofiq yoki nomuvofiqligi bo‘yicha xulosa beradi.

Institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Husniddin Xonqulovning qayd etishicha, davlat akkreditatsiyasi ta’lim tashkiloti faoliyatining davlat ta’lim standartlari va ta’lim dasturlariga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan jarayon hisoblanadi.

Kompleks davlat akkreditatsiyasi doirasida institut 8 ta asosiy mezon bo‘yicha baholanadi: tashkiliy-boshqaruv faoliyati, ta’lim sifatini ta’minlash, talabalar faoliyati, o‘quv jarayonini tashkil etish, inson resurslari, ilmiy-tadqiqot ishlari, talabalarni qo‘llab-quvvatlash hamda moddiy-texnik ta’minot.

Akkreditatsiya natijalari institutning kelgusidagi faoliyati, jumladan, muayyan ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalar qabul qilish va ularga ta’lim berishni davom ettirish huquqiga ta’sir qiladi.

Hamkorlik materiali