Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil noyabr oyida o‘tkazilgan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forumda «5 million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi doirasida sun’iy intellektni mamlakat iqtisodiyotining muhim drayveriga aylantirish va uning jadal taraqqiyotga xizmat qilishi zarurligini alohida ta’kidlagan edi.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida Yoshlar kreativ shaharchasi hududida mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda innovatsion ekotizimni mustahkamlashga xizmat qiluvchi «KutubxonaAI» sun’iy intellekt mikrotizimi ishga tushirildi.
Laboratoriya faoliyatini tashkil etish uchun AQShning Katlik universiteti sun’iy intellekt sohasi mutaxassisi Vinsent Russa jalb qilindi.
Yangi tashkil etilgan «Sun’iy intellekt laboratoriyasi» ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarni yagona platformada birlashtiradi. Loyiha doirasida Yoshlar kreativ shaharchasiga zamonaviy GPU Cluster hamda dunyoning yetakchi Nvidia va Apple kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan yuqori unumdorlikka ega protsessorlar, serverlar va boshqaruv tizimlari olib kelindi.
Mazkur infratuzilma sun’iy intellekt modellarini yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, mashinali o‘qitish hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlarni samarali tashkil etish imkonini beradi.
Shuningdek, yaratilgan ekotizim tarkibida AI Laboratory, AI Prototyping Room (kichik hajmdagi prototiplarni yaratish xonasi) va AI Lecture Room (sun’iy intellekt ta’limi xonasi) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu maskanlarda talabalar, yosh tadqiqotchilar va startap jamoalari sun’iy intellekt, 3D dizayn, IoT hamda innovatsion loyihalar ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Loyiha rahbari, xalqaro ekspert Soliyev Muhammadxon mazkur tashabbus mintaqa uchun o‘ziga xos va strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, keyingi o‘n yillikda sun’iy intellekt jahon iqtisodiyotining katta qismini shakllantiruvchi asosiy omillardan biriga aylanadi. Bu esa yangi kasblar paydo bo‘lishi, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mamlakatimiz yoshlarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida tashkil etilayotgan sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim dasturlari AQSh va Xitoy ekspertlari ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur dasturlar nafaqat IT sohasi mutaxassislari, balki iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislarning sun’iy intellekt bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.