Loyihaning birinchi bosqichi Shahrisabz–Mirobod–Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh koʻchasi bilan kesishmasigacha boʻlgan 1,2 kilometrlik yoʻl qismini qamrab olgan. Bu hududda qurilish-taʼmirlash ishlari 2026-yil 24-iyuldan boshlangan.
Ayni paytda yoʻl asosini BRT yoʻlagi talablariga moslashtirish, mavjud grunt va namlik bilan bogʻliq holatlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Yoʻlning asosi ham qayta tayyorlanmoqda
BRT yoʻlagidan muntazam ravishda katta sigʻimli va ogʻir avtobuslar harakatlanishi inobatga olinib, faqat yoʻlning ustki qatlamini yangilash bilan cheklanilmayapti. Yoʻlning asosi ham toʻliq qayta tayyorlanmoqda.
Shu maqsadda yoʻl qismi 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazilib, mavjud asos qayta shakllantirilmoqda. Bu orqali yoʻl ostida toʻplanadigan namlikni bartaraf etish, gruntning siljishi va choʻkishi xavfini kamaytirish hamda ogʻir avtobuslarning doimiy qatnoviga mos mustahkam asos yaratish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, kelgusida yoʻl qoplamasida deformatsiya va choʻkishlar yuzaga kelishining oldini olishga eʼtibor qaratilmoqda.
Qurilish jarayonida yoʻl konstruksiyasi qatlamlari orasiga geotekstil materiali ham yotqizilmoqda. U grunt, qum-shagʼal va boshqa konstruktiv qatlamlarni bir-biridan ajratib, ularning aralashib ketishini cheklaydi. Bu yoʻl asosining barqarorligini oshirish va yuklama taʼsirida deformatsiya yuzaga kelish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Geotekstil, shuningdek, filtratsiya vazifasini bajaradi: suvning qatlam orqali oʻtishiga imkon bergan holda gruntning mayda zarrachalarini ushlab qoladi. Bu, ayniqsa, nam grunt mavjud boʻlgan sharoitda yoʻl konstruksiyasining barqarorligi uchun muhim.
6 ta avtobus bekati tashkil etiladi
Loyiha doirasida mazkur 1,2 kilometrlik uchastkada 6 ta avtobus bekati tashkil etish rejalashtirilgan.
Avtobuslar uchun ajratiladigan maxsus yoʻlak boshqa transport vositalari harakatlanadigan qatnov qismidan bordyurlar orqali jismonan ajratiladi. Bu avtobuslarning umumiy transport oqimiga qoʻshilib ketmasdan, alohida yoʻlak boʻylab harakatlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.
BRT yoʻlagini qurishda Toshkent shahrida foydalanilayotgan avtobuslarning texnik koʻrsatkichlari, ularning ogʻirligi, ushbu yoʻnalishdagi kunlik qatnovlar soni va yoʻlga tushadigan doimiy yuklama hisobga olinmoqda.
Ishlar 31-avgustga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan
Ayni paytda yoʻl asosini tayyorlash va mustahkamlash, shuningdek, BRT infratuzilmasini shakllantirish ishlari davom etmoqda.
Qurilish jarayonining koʻlami va texnologik talablardan kelib chiqib, 1,2 kilometrlik uchastkadagi ishlarni 2026-yil 31-avgustga qadar toʻliq yakunlash va yoʻl qismini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Mazkur uchastka Shahrisabz koʻchasida BRT infratuzilmasini tashkil etish loyihasining birinchi bosqichi hisoblanadi. Keyingi bosqichlarda BRT yoʻlagini Shahrisabz koʻchasi boʻylab davom ettirish rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi jamoat transporti uchun alohida va barqaror harakat yoʻlagini yaratish hamda avtobuslar qatnovining uzluksizligini taʼminlashdan iborat.