Egnidagi shinam va mag‘rur harbiy libosi o‘ziga yarashgan kechagi jajji kursantlar bugun Vatan istiqboli sari qanot yozayotgan uchirma qaldirg‘ochlar – yosh leytenantlardir!
To‘rt yil oldin mana shu muqaddas zamin oldida ota-onasining duosini olib, Vatanga qasamyod qilgan azamatlarga bugun havas va minnatdorlik ko‘zi bilan boqayotgan nigohlarning cheki yo‘q. Ota-onalarning qo‘llari yana duoda, tillarida esa Yaratganga cheksiz shukrona: “Yelkangdagi yulduzing hamisha hayotingni, yo‘llaringni yoritib tursin, bolam! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!”. Xayolimdan “hayajonimni, ko‘zimdagi sevinch yoshlarini birov sezib qolmadimikan”, degan o‘y o‘tadi. Axir bugun mening to‘ng‘ich o‘g‘lim, hayotimning mazmuni bo‘lgan jigarbandim oliy harbiy bilim yurtini tamomlayapti. Shu kunlarga yetkazganiga shukr! Kuni kecha o‘g‘lim tug‘ildi deb suyungandim, tili chiqib ilk bor “dada” deganida ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgandi. Men bilan “toy-toy” o‘ynagan, birga dars qilib, ilk yutug‘ini men bilan baham ko‘rgan o‘sha jajji bolakay bugun bo‘yi bo‘yimga baravar keladigan alpqomatli yigitga aylanibdi. Ana, safda bizga qarab mag‘rur va baxtiyor kulib turibdi. Ayolim qalbimdagi bu cheksiz faxr va shukronalik sezimlarini his qilgandek, sekin qo‘limdan tutdi. Ko‘zlarida sevinch yoshlari miltillarkan: “Dadasi, o‘g‘lingiz xuddi o‘zingizga o‘xshadi. Ot izini toy bosar, deganlari shu bo‘lsa kerak...” – dedi shivirlab. Bu so‘zlarni eshitib, qalbimdan Yaratganga yana bir bor hamdu sanolar otilib chiqdi.
Nurli orzularning ijobati
O‘g‘lim bolaligidan katta bo‘lsam, dadamdek harbiy bo‘laman, derdi. Bolalikdagi sof orzular vaqt o‘tib qat’iy maqsadga, maqsad esa tinimsiz mehnat va harakatga undadi. Uch yoshida jajji qalbidan chiqqan so‘zi vaqt o‘tib amalga oshdi – u haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ldi! Yo‘llaring oydin bo‘lsin, ota o‘g‘il! Sen bilan faxrlanaman, senga oq sut bergan onangga, sendek o‘g‘ilni voyaga yetkazgan taqdirimga ming bor shukr qilaman. Bu go‘zal manzara meni salkam o‘ttiz yil avvalgi xotiralar, sog‘inch va shukronalik og‘ushiga uloqtiradi... Saf maydonida otam uzundan-uzoq duo qilganlari hamon qulog‘im ostida: “Vatanga xizmat qilishdek eng sharafli, eng muqaddas yo‘lni tanlading, bolam. Bu yo‘l umringni bezagi bo‘lsin. Harbiy libosingga, ofitserlik nomingga aslo dog‘ tushirma. Ota-onangga xizmating qay darajada bo‘lsa, Vatanga sadoqating ham xuddi shunday xizmatlaringda aks etsin”, degandilar. Yillar o‘tdi. Yurtimning qay bir go‘shasida xizmat vazifamni bajarmay, ota-onamning o‘gitlari qulog‘imda jaranglab, menga kuch va madad bo‘lib turdi. Haligacha bu tilloga teng so‘zlarga amal qilib kelaman. Bu hayot ummonida eng quyi pog‘onadan yuqori pillapoyalargacha chiqishning o‘ziga xos mashaqqatlarini his qildim, lekin hech qachon ortga chekinmadim. Toshkent, Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro – men bosgan, xizmat qilgan muqaddas manzillar... Maqsadim faqat tinchlikni asrash va yoshlar qalbini vatanparvarlik, ma’naviyat bilan boyitish edi. Eng katta baxtim va shukronam shundaki, bugun men tanigan va meni tanigan insonlar bilan bir-birimizdan minnatdormiz. Yurtimiz tinch, turmushimiz farovon, kelajagimiz esa nurafshon!
Qush uyasida ko‘rganini qiladi: Sulolaviy davomiylik
Aslida, vatanparvarlik hissi ham, kasbga bo‘lgan muhabbat ham oila ostonasidan boshlanadi. Ota-bobolarimiz tarbiya borasida so‘z ochganlarida: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb bejiz ta’kidlashmagan. Bolangiz uchun ming sharoit yaratib bermang, eng zo‘r maktabda o‘qitmang, agar o‘zingiz tarbiya, axloq, mehnat va el-yurtga sadoqat borasida ibrat bo‘lmas ekansiz, ko‘zlagan natijangizga erisholmaysiz. Men oilamizdagi mana shu sog‘lom muhit uchun, fayz va baraka uchun hamisha shukrona aytaman. Har qanday holatda ham ota-onaning shaxsiy namunasi – tarbiyaning ilk poydevoridir.
Shukrlar bo‘lsinki, uch o‘g‘lim ham Vatan ravnaqi yo‘lida xizmatga otlangan bahodirlar bo‘lib ulg‘ayishmoqda. Katta o‘g‘lim o‘qishni bitirdiyu, janub sarhadlari tomon yo‘l oldi. O‘rtancham esa Moliyaviy boshqaruv va texnologiyalari universiteti talabasi. Bugun uch yoshli kenjatoyim Alixon ham akalarining izidan ketishga ahd qilgan. Bir kuni bog‘chaga ketayotib, jiddiy qiyofada: “Dada, men ham xizmatga ketyapman. Menga askar kiyimi olib bering”, dedi. Shu kundan beri u bog‘chaga faqat harbiy libosda borib keladi. Jannatmakon yurtimizda tinchlik va harbiylik kasbi naqadar qadrlanishini mana shu kichkintoyimning nigohlarida ko‘raman. Akasining bitiruv tantanasida jajji Alixonning harbiy akalari bilan bir safda shahdam qadam tashlashini kuzatarkanman, qalbimni ulkan rizolik va sof shukronalik tuyg‘ulari qamrab oldi. O‘g‘limning kelajagi mana shu saf maydonidan, ota va aka izidan borishdan boshlandi.
Harbiylik – shunchaki kasb emas, u Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va qismatdir. Muqaddas zaminimizni ko‘z qorachig‘idek asrash ulug‘ sulolamizning sharafli vazifasiga aylanganidan, qalbimda shukronalik hislari zamin qadar keng, osmon qadar yuksakdir!
Alisher AGZAMOV,
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti
Axborotlashtirish va multimedia markazi boshlig‘i,
podpolkovnik