Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda «Wildberries» xalqaro elektron tijorat platformasi hamkorligida tashkil etilgan seminar mahalliy tadbirkorlarni elektron tijorat imkoniyatlaridan keng foydalanishga jalb etish, milliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish hamda kichik va o‘rta biznes sub'ektlarining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Takidlanganidek, Sirdaryoda tadbirkorlik subektlari sonining ortib borayotgani ularni zamonaviy savdo vositalariga o‘qitish va raqamli kanallardan samarali foydalanishini ta'minlashni yanada dolzarb vazifaga aylantirmoqda.

Xususan, yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik subektlarining raqamli savdo imkoniyatlaridan foydalanishi ularning bozorda tezroq o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Rasmiy statistikada Sirdaryo viloyatida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'ektlari soni ham muntazam o‘sib borayotgani qayd etilgan.

Viloyatda bugungi kunda 10,6 mingdan ortiq faol tadbirkorlik subekti mavjud. Shundan 2,7 mingga yaqin kichik tadbirkorlik sub'ekti Sanoat yo‘nalishida faoliyat yuritayotgani quvonarli holdir. Axborot va aloqa sohasidagi kichik tadbirkorlik sub'ektlari soni ham 220 tadan oshgan. Bu raqamlar hududda tadbirkorlik bilan bir qatorda raqamli iqtisodiyot va zamonaviy biznes xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, hunarmandchilik va boshqa mahsulotlarni elektron savdo platformalari orqali keng iste'molchilarga taklif etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali mahalliy tadbirkorlar nafaqat viloyat va respublika bozorida, balki xorijiy xaridorlar orasida ham o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga elektron savdo platformalarida ishlashning amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil malumotlar berildi. Xususan, onlayn do‘kon ochish, mahsulotlarni elektron platformaga joylashtirish, mahsulot kartochkasini shakllantirish, xaridorlarni izlash va ular bilan muloqot qilish, buyurtmalarni qabul qilish va yetkazib berish, logistika hamda to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar taqdim etildi.

Seminarda bir qator yo‘nalishda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun elektron savdoni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan hududlarda ushbu yo‘nalishda amaliy seminarlarni tashkil etishdan asosiy maqsad ham tadbirkorlarni elektron tijorat vositalaridan samarali foydalanishga o‘rgatish, ularning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va zamonaviy bozor talablariga moslashishiga ko‘maklashishdan iborat.

Seminarda elektron do‘kon tashkil etishdan tortib, mahsulotni joylashtirish, buyurtmalarni qabul qilish, logistika va to‘lov jarayonlarini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan bosqichlar amaliy misollar asosida tushuntirildi.

Elektron tijoratning yana bir muhim jihati - logistika va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishdir. Sirdaryoda tashish va saqlash xizmatlari sohasida 600 dan ortiq tadbirkorlik sub'ekti faoliyat yuritayotgani ham elektron savdo infratuzilmasini rivojlantirish uchun muayyan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.

Ayni paytda viloyatda 500 ga yaqin hunarmand faoliyat yuritadi. Ularning mahsulotlarini elektron savdo platformalari orqali ichki va tashqi bozorlarga chiqarish hunarmandlar uchun yangi xaridorlarni topish, savdo hajmini oshirish va mahsulotlarini keng targ‘ib qilishda muhim imkoniyat yaratadi.

Shu nuqtai nazardan, mazkur seminar nafaqat tadbirkorlarga elektron savdo platformalarida ishlashni o‘rgatish, balki hududda ishlab chiqarish, savdo, logistika va raqamli xizmatlarni o‘zaro bog‘lagan holda yangi biznes ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Alisher Xajimuratov,

Vazirlar Maxkamasi xuzuridagi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi

Sirdaryo viloyati xududiy filiali raxbari.