Markaziy bankning xabariga koʻra, subsidiya xabarnomasi amal qilish muddati davomida ishtirok etuvchi tijorat bankida maqsadli ipoteka omonati ochiladi va fuqaroning dastlabki badal uchun toʻlashi lozim boʻlgan ulushi jamgʻariladi.
Fuqaroning ulushi toʻliq shakllangach, dastlabki badal uchun ajratilgan davlat subsidiyasi omonat hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Shuningdek, omonat mablagʻlariga bank tomonidan bozor stavkalari asosida foiz hisoblanadi.
Maqsadli ipoteka omonati 12 oygacha amal qiladi. Shu muddat ichida fuqaro birlamchi uy-joy bozoridan xonadon tanlab, ipoteka kreditini rasmiylashtirishi mumkin.
Ipoteka krediti ajratilganda omonat mablagʻlari, ularga hisoblangan foizlar, davlat subsidiyasi hamda kredit mablagʻlari uy-joy xaridiga yoʻnaltiriladi. Agar kredit ajratish rad etilsa, fuqaroning omonat mablagʻlari foizlari bilan birga qaytariladi, subsidiya mablagʻlari esa belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytariladi.
2026-yil 1-avgust holatiga koʻra, respublika boʻyicha fuqarolar murojaatlari asosida 338 ta maqsadli ipoteka omonati ochilgan. Ularda jami 23,9 mlrd soʻm mablagʻ jamgʻarilgan boʻlib, shundan 13,8 mlrd soʻmi fuqarolarning shaxsiy mablagʻlari, 10,1 mlrd soʻmi esa dastlabki badalni shakllantirish uchun ajratilgan davlat subsidiyasi hissasiga toʻgʻri keladi.