Sug'urta agenti sug'urtalovchi nomidan va uning topshirig'iga binoan sug'urta shartnomasini tuzishni hamda uning bajarilishini tashkil etishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs hisoblanadi.

Topshiriq shartnomasi (agent bitimi) sug'urta agenti va sug'urtalovchi o'rtasidagi kelishuvga asosan tuziladi.

Bunda, topshiriq shartnomasi (agent bitimi) u tuzilgan kundan boshlab 1 kun ichida sug'urtalovchi tomonidan Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etiladi va sug'urta agentiga ID raqam beriladi.

Sug'urta agenti vositachiligida tuzilgan sug'urta shartnomalari bo'yicha vositachilik haqi sug'urtalovchining bank hisob raqamiga kelib tushgan sug'urta mukofotlarining 25 foizidan oshmagan holda amalga oshiriladi.

Sug'urtalovchi tomonidan sug'urta agentlari faoliyati har 6 oyda kamida 1 marta monitoringdan o'tkaziladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan insofsiz sug'urta agentlarining reyestri yuritiladi hamda o'zining rasmiy veb-saytida barcha foydalanuvchilar uchun ochiq e'lon qilinadi.

Bank krediti bilan bog'liq sug'urta shartnomasi tuzilishida sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda tanlanadi.