Ikkinchi koʻz — gadjet vositasida esa tez, yuzaki va interaktiv fikrlanadi.

Ha, texnologiyalar zamonida minglab imkoniyatga ega turli elektron qurilmalar yaratilmoqda. Ular yordamida juda murakkab vazifalarni ham bir zumda bajaryapmiz. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor.

Yoʻq, biz gadjetlarni yaxshi yoki yomon deb qatʼiy xulosa chiqarmoqchi emasmiz. Ular shunchaki zamonaviy qurilmalar, xolos. Asosiy masala ulardan qanday maqsadda va qay tarzda foydalanayotganimizda. Qolaversa, gap shu orqali texnologiyalar bilan milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda axloqiy munosabatlar oʻrtasida oʻzimiz hosil qilayotgan ziddiyatlar borasida bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardan birida sotsiolog olim Suhrob Xidirovning shu mavzudagi fikrlariga koʻzim tushdi. U dunyoga mashhur kinorejissyor Stiven Spilberg asari asosida “Oʻzbekfilm” kinostudiya­sida ­rejissyor Nozim Toʻlaxoʻjayev tomonidan ishlangan “Mayin yomgʻir yogʻadi” multfilmini misol keltirib, bunday deydi:

— Filmning asosiy gʻoyasi texnologiya taraqqiyoti insoniyatning axloqiy masʼ­uliyatidan ustun boʻlmasligi haqida ogohlantirishdir. Ilmiy jihatdan qaralganda, sunʼiy intellekt faqat algoritmlar va maʼlumotlarga asoslangan hisoblash tizimi. U ong, hissiyot va axloqiy jihatdan baholash qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun texnologiya rivoji inson nazorati va maʼnaviy tamoyillar bilan muvozanatda boʻlishi zarur. Bu film bizni texnikani shunchaki yaratish emas, balki qanday maqsadda va qanday masʼuliyat bilan qoʻllayotganimiz haqida chuqur oʻylashga chorlaydi.

Bir qarashda bunday mulohazalar oddiy oʻquvchi uchun bir oz ilmiydek tuyulishi mumkin. Lekin mavzu inson maʼnaviyati, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga ham bevosita bogʻliq. Shu maʼnoda, odob-axloq, maʼnaviy qarashlar va maʼnaviyatni yuksak qadrlaydigan xalq sifatida mazkur mavzu har birimizga daxldor.

Shiddatli zamonga hamnafas boʻlish, ishda va oʻqishda koʻp narsaga ulgurish, kundalik turmushda vazifalarni bajarish oson va qulay boʻlishi uchun texnologik ­vositalardan keng koʻlamda foydalanyapmiz. Ayniqsa, uyali telefonlar bu borada yetakchi oʻringa chiqdi. Ular shunchalik urfga kirganki, kim qanday foydalanayotganiga eʼtibor ham bermay qoʻyganmiz. Bu qurilmalarni qoʻllashda na yoshning, na kasb-hunarning ahamiyati qoldi. Ayniqsa, yoshlar va oʻsmirlar yoʻlda ham, uy va oʻqishda ham bu matohni qoʻldan qoʻymaydi. Hatto uxlayotganda ham qoʻngʻiroqni eshitmay qolishdan choʻchibmi, uyali telefonni yostigʻining yoniga qoʻyishni kanda qilmaydi.

Bu kabi manzaralar — kundalik hayotda uyali telefonlardan foydalanishga doir eng sodda va koʻp uchraydigan koʻrinishlar. Lekin bu hamma ulardan faqat shu tarzda foydalanadi degani emas, albatta.

Cheksiz axborot makonida taniqli mutaxassislar va olimlar tomonidan bu mavzuda turli mulohazalar berib boriladi. Ularning bosma kitob va matbuot orqali har qanday axborotni oʻzlashtirish borasidagi koʻplab ijobiy xulosalari ham oʻrinli. Shu bilan birga, texnologik qurilmalarning qulay jihatlari haqidagi fikrlarini ham inkor qilib boʻlmaydi.

Bunday holatda goʻyoki maʼnaviy va texnik taraqqiyot oʻrtasida dilemma yuzaga kelgandek tuyuladi: qay biri afzal? Ehtimol, savolni bunday shaklda qoʻyish kerak emasdir. Chunki har ikki yoʻnalish ham hayotimiz uchun birdek muhim va zarur. Texnika taraqqiyoti yashash sharoitimizni yaxshilashga va qulay boʻlishiga xizmat qilsa, maʼnaviyat hayotimiz, ­tafakkurimiz mazmuni hamda insoniy qiyofamiz koʻzgusi.

Gadjetlar olamining asl aʼzolariga aylanib ulgurgan bugungi yoshlar (oʻsmirlar va kichik yoshdagi bolalar ham) hamda bu olam immigrantlari boʻlmish ota-onalar oʻrtasidagi muloqot va munosabatlar ham oʻzgacha tus olayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Aytaylik, eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab, bolangiz kirib keladi. Onasining “Keldingmi, qayerda eding?” kabi savollariga ham tushunarsiz bir nimalar degancha, qoʻlida telefon bilan oʻz xonasiga shoshib kirib ketadi. Ota-onasining deyarli biror topshirigʻiga “yoʻq” demaydi, ammo uni oʻz vaqtida bajarmaydi ham. Javob doim deyarli bir xil boʻladi: “Xoʻp, hozir...” va tamom.

Uydagilar bilan jonli muloqot juda sust, hamma virtual olamga shoʻngʻigan. Aytaylik, onalar telefonga koʻz tashlagan holda ham ovqat tayyorlayveradi. Bolalar esa yon-atrofiga ruchka-qalam va daftar-­kitoblarini yoyib qoʻyib, telefon yordamida jimgina dars tayyorlayotgandek koʻrinadi. Ular savol bermaydi. Chunki ular uyali telefondan javob topishni allaqachon ­oʻrganib olgan. Olingan javoblarning obyektiv yoki notoʻgʻri ekani tahlil qilinmaydi, manbalarning qay darajada ishonchliligiga eʼtibor berilmaydi. Eʼtiborsiz ota-onalarga ham shunisi qulay goʻyo. Bunday texnologik vositalardan notoʻgʻri va ortiqcha foydalanishning bola ruhiyati va sogʻligʻiga salbiy taʼsiridan amaliy himoyalash toʻgʻrisida-ku, gapirmasa ham boʻladi.

Shu oʻrinda daryodan tomchi boʻlsa-da, ayrim ziyolilarning bu boradagi qarashlari va fikrlarini keltirib oʻtsak.

Bir muddat avval yuz.uz saytida chiqqan suhbatda Toshkent shahridagi maktablardan birida dars beruvchi boshlangʻich sinf oʻqituvchisining  bunday fikrlariga koʻzim tushgandi:

— Texnologiyalar taʼlimning dushmani emas. Aksincha, agar gadjetlardan oqilona foydalanilsa, ular biz, oʻqituvchilarga oʻquv jarayonini olib borishda faqat yordam beradi. Internet — foydali va qimmatli vosita, axborot xazinasi hamda kundalik hayotni yengillashtiradigan aloqa vositasi. Smartfonlar oʻquvchilarga ham yangi bilimlarni oʻzlashtirishda, koʻnikmalarni rivojlantirishda va dunyoqarashini kengaytirishda yordam berishi mumkin.

Elektron qurilmalar va sunʼiy intellekt qanchalik foydali boʻlmasin, shunchaki bilishning bir vositasi boʻlib qolaveradi. Oxir-oqibat mustaqil fikrlashimiz, maʼlumotlarni tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib yondashishimiz va toʻgʻri xulosaga kelishimiz asosiy omil sifatida saqlanishini koʻrib turibmiz. Bu borada tadqiqot oʻtkazayotgan mutaxassislar endi axborot va maʼlumotlarni birinchi boʻlib yetkazishdan koʻra uni toʻgʻri, ishonchli va mantiqan talqin qila olish ustuvor ahamiyat kasb etib borayotganini taʼkidlamoqda.

Shu oʻrinda ishonchli deb eʼtirof etilgan qator manbalardan ziyolilar va oʻz sohasining mutaxassislari bildirgan fikr­larning ayrimlarini keltirib oʻtish nooʻrin boʻlmas. Qolaversa, aynan shu sohada tadqiqot olib borayotgan va vaziyatga bevosita guvoh boʻlayotgan olimlarning fikrlarini keltirish ancha xolis taassurot uygʻotadi. Yaqinda oʻqiganim gʻarblik bir olimning ­fikri quyidagicha: “Muammo shundaki, bizda raqamli qurilmalar va texnologiyalarning yangi ­dunyosida amal qiladigan hech qanday madaniy anʼanalar yoʻq. Har qanday jamiyatga har qanday yangi moslamalar va usullarni joriy etishda, ulardan oqilona va sogʻlom foydalanish qoidalari hamda anʼanalarini ishlab chiqish uchun 100-yildan 200-yilgacha vaqt kerak boʻladi deb hisoblanadi. Lekin bizda bu 100-200-yil yoʻq. Nima qilish kerak? Avvalo, zamonaviy bolalarning yangi meʼyorda yashayotganini anglash va qabul qilish kerak. Yangi normallik bu turli sohalardagi, baʼzan esa dunyo tartibidagi iqtisodiy, ijtimoiy va psixologik oʻzgarishlardir”.

Yoki bu fikrga qarang:

— Gadjetlar bizga tezkor endorfinlar va dunyodagi hamma narsadan xabardorlik illyuziyasini beradi, ammo afsuski, munosabatlar va oflayn ijtimoiy hayotni “eritib” yuboradi, — deydi xorijlik prodyusser Anna Beleva. — Hatto faoliyati bevosita gadjetlar bilan bogʻliq boʻlgan odam sifatida men ham oilaviy kechki ovqat paytidagi muloqot, hatto taʼtilda ham, yangiliklarni kuzatish va YouTube tomosha qilish bilan almashganini payqadim.

Yozuvchi va faylasuf A.Korol esa “Virtual muhitga gʻarq boʻlgan inson uchun oila haqiqatan ikkinchi darajaga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun odamlar oʻz yonida eʼtibor, gʻamxoʻrlik va muhabbatga muhtoj yaqin kishisi borligini his qilmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli manzaralarni koʻramiz. Shundan soʻng ongsiz ravishda oʻz real hayotimizni salbiy qabul qila boshlaymiz. Chunki real oilaviy munosabatlar fotosuratlardagi juftlik­larniki kabi mukammal emas, turmush oʻrtoq esa unchalik jozibali va muvaffaqiyatli koʻrinmaydi. Natijada inson oʻz juftini tanqid qila boshlaydi va oilada kelishmovchilik yuzaga keladi”, deydi.

Ahli donish va faylasuflar tafakkurni inson aqliy faoliyatining yuksak shakli, narsa va hodisalarning mohiyatini, ular oʻrtasidagi oʻzaro bogʻlanishlarni chuqur ang­lash, bilish va umumlashtirish jarayoni sifatida izohlaydi. Olamni tushunishda tasvirlar, his-tuygʻu va sezgi aʼzolari ojizlik qilgan oʻrinlarda, albatta, aql va mantiq bilan anglash eng toʻgʻri yoʻl ekani taʼkidlab kelinadi. Zero, Navoiy bobomiz aytganidek: “Oʻz vujudingga tafakkur aylagil...”.

 Rustam BOYTOʻRA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri