Masalan, Bandixon tumanida keyingi yillardagi bunyodkorlik va obodlik nafaqat hudud qiyofasini, balki odamlar tafakkurini ham oʻzgartirdi. Bugun aholi islohotlar, avvalo, xalq manfaati, inson qadri va farovon hayoti uchun ekanini chuqur anglab yetmoqda. Hududlardagi oʻzgarishlar qalblarga ham koʻchib, odamlarda “shu mahalla, shu koʻcha meniki, uning obodligiga men ham masʼulman” degan daxldorlik tuygʻusini kuchaytiryapti. Ana shu hamjihatlik va xalq bilan birga ishlash tamoyili asosida bugun Bandixon tumanida asfalt qilinmagan, infratuzilmasi yaxshilanmagan koʻchalar deyarli qolmadi.

Eng muhimi, bu jarayonda aholining fikri, tashabbusi va takliflari ham inobatga olinyapti. “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali fuqarolar oʻz hududidagi muammolarni oʻzi koʻtarib chiqib, ularning yechimiga bevosita hissa qoʻshmoqda. Xususan, Bandixon tumanidagi Saroy mahallasi aholisi ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, tashabbuslarini amaliy natijaga aylantira oldi.

Joriy yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasi birinchi mavsumida mahalla aholisi ilgari surgan taklif gʻolib deb topildi. Natijada hududdagi “Rabotak” koʻchasining 3100 metr qismiga asfalt  yotqizildi.

“Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumida Bandixon tumanidagi Limonzor, Bahoriston va Saroy mahallalarida ichki koʻchalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan takliflar aholi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, yuqori ovoz bilan gʻolib boʻldi. Jumladan, umumiy uzunligi 8 kilometrgacha boʻlgan ichki koʻchalarni asfaltlash boʻyicha takliflar 5000 dan ortiq ovoz toʻplab, bunyodkorlik ishlarini bajarish uchun tanlab olindi.

Bundan tashqari, Paxtakor mahallasining Ashurxon koʻchasida elektr taʼminoti tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan loyiha doirasida 10 ming metrdan ortiq elektr tarmogʻi yangilanishi, 250 ta eski sim­yogʻoch almashtirilishi hamda quvvati yuqori boʻlgan 4 ta transformator oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Bu orqali 220 dan ortiq xonadon va 70 ga yaqin xoʻjalikni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Mazkur loyihalar aholining oʻz hududi obodligi uchun faol ishtirok etayotgani hamda tashabbusli byudjet tizimi orqali eng dolzarb masalalar bosqichma-bosqich hal etilayotganini yaqqol namoyon qilyapti.

Bugun Bandixon tumanida aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va yangi ish oʻrinlari ochish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada hududda qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratilyapti. Xususan, Bektepa mahallasi hududida tashkil etilgan kichik va yoshlar sanoat zonasida umumiy qiymati 1,3 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshirilishi natijasida 37 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat boshlashi va 120 dan ortiq yangi ish oʻrni ochilishi kutilmoqda.

Najmiddin Norov ham mazkur kichik va yoshlar sanoat zonasida oʻzining sevgan hunari — temirchilik asosida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. U oʻzi bilan birga besh tengqurini ham doimiy ish bilan taʼminladi. Bugun ular tayyorlayotgan temir darvoza, panjara va oʻrindiq kabi buyumlarni tumandagi koʻplab xonadonlar hamda markaziy koʻchalar yoqasida uchratish mumkin. Sifat va mehnatga masʼuliyat esa ustaning ishiga ishonchini yanada oshirmoqda.

— Bektepa mahallasi hududida maydoni 9 gektar boʻlgan kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Bu yerda infratuzilma ham bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda. Ayni kunlarda umumiy qiymati 950 million soʻmlik loyiha asosida 1 kilometr yoʻlga asfalt yotqizish ishlari muvaffaqiyatli bajarildi. Bu esa hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun transport qatnovini yengillashtirib, ishlab chiqarish jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, hududda elektr energiyasi, suv taʼminoti va yoʻl infratuzilmasi yaxshilanmoqda, — deydi Bandixon tumani iqtisodiyot va moliya boʻlimi bosh mutaxassisi Rustam Qoraqulov.

Tumanda joriy yil boshidan buyon ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash hamda taʼlim-tarbiya jarayoni uchun yanada qulay muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu bilan birga, mahalla fuqarolar yigʻinlari uchun yangi binolar barpo etish orqali aholi bilan ishlash tizimi yanada qulay va samarali shaklga keltirilmoqda.

Bandixon tumanidagi Qaldirgʻoch mahallasida joylashgan 19-maktab oʻquvchilari hozirgacha ikki smenada taʼlim olib kelayotgan edi. Umumiy qiymati 2,7 milliard soʻmlik loyiha asosida 180 oʻrinli yangi, zamonaviy oʻquv binosi qurilayotgani oʻquvchilarni qamrab olish imkoniyatini kengaytirish barobarida oʻgʻil-qizlarning bilim olishi uchun yanada qulay, yorugʻ va zamonaviy muhit yaratadi.

Maʼlumotlarga koʻra, Bandixon tumani 2020-yili qayta tashkil etilgan vaqtda hududda atigi 2 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlgan hamda bogʻcha yoshidagi bolalar qamrovi esa bor-yoʻgʻi 4,9 foizni tashkil etgan. Oʻtgan davrda 15 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi bogʻcha qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 78 ta oilaviy bogʻcha tashkil etilgan. Natijada qamrov 82,3 foizga yetkazilgan.

Ayni kunlarda tumandagi Chinor mahallasida umumiy qiymati 4,5 milliard soʻm boʻlgan 120 oʻrinli yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.

— Mahallamizda zamonaviy bogʻcha qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ota-onalar uchun katta qulaylik yaratib, mahallamiz aholisiga mamnuniyat bagʻishlamoqda. Ilgari mahallamizda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlmagan. Endi maktablarga tayyorlov asosida taʼlim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari keladi, — deydi oʻqituvchi Eshboʻri Mustafoyev.

Bandixon tumanida 22 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud. Ularning 2 tasi tuman markazida joylashgan. Shu bilan birga, 3 ta mahalla qoʻshni tumanlar bilan chegaradosh hududda, yaʼni markazdan ancha olisda faoliyat yuritadi. Eng muhimi, barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari alohida binosiga ega boʻlib, bu holat aholi bilan tizimli va ­samarali ishlash imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.

Bir vaqtlar asosan uzumchiligi bilan mashhur boʻlgan Oltinsoy tumanida bugun yoʻlga qoʻyilayotgan yirik loyihalar nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki eksport hajmini oshirishga ham xizmat qil­yapti. Eng muhimi, bu oʻzgarishlar oddiy insonlar hayotida ham yaqqol sezilmoqda. Alouddin Roʻziyev tadbirkorlik faoliyatini boshlagan kezlarda yangi sohaga qoʻl urish oson kechmagan edi. Chunki tadbirkorlik ishini boshlash, mablagʻ va bozor masalalari uni bir oz choʻchitgan edi.

— Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, imtiyozli kredit va moliyaviy qoʻllab-quvvatlovlar ishonchimizni yanada oshirdi. Mehnatimiz va tadbirkorlikdagi yordam tufayli nafaqat oilamiz farovonligiga, balki hududimiz iqtisodiyoti va yangi ish oʻrinlari ochilishiga ham xizmat qilyapmiz, — deydi tadbirkor Alouddin Roʻziyev.

Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yilning birinchi choragida Oltinsoy tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 84,4 milliard, bozor xizmatlari hajmi 248,6 milliard, qurilish ishlari esa 8,2 milliard soʻmni tashkil etdi. Bu raqamlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 foiz oʻsishga erishilganini koʻrsatadi.

Oltinsoy hokimligi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda tumanda umumiy qiymati 46,3 million dollarlik 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali yangi ishlab chiqarish quvvati va qoʻshimcha ish oʻrinlari ochiladi. Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashqi bozorlar bilan yangi kelishuvlar ustida ishlanmoqda. Bu esa valyuta tushumi va byudjet daromadining oʻsishiga xizmat qiladi.

— Tumanimizda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari ochish, ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb etish borasida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida tumanda 6691 ta yangi ish oʻrni ochildi. Bunda asosiy eʼtibor sanoat, xizmat koʻrsatish, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalarida kichik va oʻrta biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, — deydi Oltinsoy tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi boshligʻi Azamat Norboyev.

Bugun Surxon vohasining chekka tumanlari — Bandixon va Oltinsoyda kuzatilayotgan bunday oʻzgarishlar hududlarning barcha qishloq va mahallalari hayotida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma loyihalari, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayapti. Eng muhimi, keng koʻlamli islohotlar natijasida chekka hududlar ham iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning faol nuqtasiga aylanadi.

Sarvar TOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston”  muxbiri