Ko‘pgina hududlarda bu ko‘rsatkich 1990-yillarga nisbatan sezilarli darajada oshdi. Bu haqda The Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqotda aytilgan.
Tadqiqotga ko‘ra, Yevropada o‘rganilgan hududlarning 99,6 foizida 2015-2024 yillardagi issiqlik to‘lqinlaridan o‘lim soni 1991-2000-yillardagiga nisbatan yuqori bo‘lgan.
O‘rtacha o‘sish yiliga million aholiga taxminan 52 ta qo‘shimcha o‘limni tashkil etdi. Ispaniya, Italiya, Gretsiya va Bolgariyaning ba’zi hududlarida bu ko‘rsatkich million kishiga 120 tadan oshdi.
Tadqiqot mualliflari Yevropada haddan tashqari issiqlik haqida ogohlantirishlar berilgan kunlar soni 1990 yillarning boshlariga nisbatan o‘rtacha 318% ga oshganini ta’kidladilar.
Eng yuqori o‘sish G‘arbiy Yevropada, jumladan, Germaniyada qayd etildi, bu yerda bu ko‘rsatkich taxminan 450% ga oshdi.
Olimlar bu o‘zgarishlarni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lashadi. Ularning aytishicha, global isish nafaqat o‘limga, balki aholining umumiy sog‘lig‘iga ham ta’sir qiladi.
Masalan, bahorning erta kelishi tufayli allergen o‘simliklarning gullash mavsumi 1-2 hafta oldinroq boshlanadi. Bu shuningdek, allergiyaga moyil odamlarda reaksiyalarning erta boshlanishiga olib keladi.
Shu bilan birga, Yevropada tropik yuqumli kasalliklarning tarqalish xavfi ortib bormoqda. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, chivin orqali yuqadigan infeksiyalar, jumladan, denguye virusi tarqalish maydoni kengayib bormoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, infeksiya xavfi taxminan 300% ga oshdi.
Avvalroq, ekvatorial Tinch okeanida suv sathining isishiga olib keladigan El-Nino hodisasi 2026-yil oxiriga borib yana rivojlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Mutaxassislar bu butun dunyo bo‘ylab suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va rekord darajadagi haroratga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan, deb xabar berdi kazinform.
Eslatib o‘tamiz, iqlim o‘zgarishi o‘rmon yong‘inlariga olib keldi.