Ayniqsa, Alisher Navoiy turkiy til yuksak badiiy tafakkurni ifodalashga har jihatdan qodir ekanini benazir ijodi orqali isbotlab berdi. Bugun biz Navoiy merosini faxr bilan tilga olar ekanmiz, zimmamizdagi muhim burch — ulug‘ ajdodlarimiz yuksak maqomga ko‘targan tilni zamonaviy hayotning barcha jabhasida munosib qo‘llash vazifasini ham unutmasligimiz shart.

1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi xalqimiz tarixidagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘ldi. Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi Bosh qonunimiz — Konstitutsiyada qat’iy mustahkamlandi. Ushbu tarixiy qadamlar ona tilimizning ijtimoiy mavqei¬ni yuksaltirish, milliy o‘zlikni teran anglash hamda davlat va jamiyat hayotida tilimizning o‘rnini kuchaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Ammo tarixiy maqom yakuniy manzil emas, balki taraqqiyot yo‘lidagi muhim ibtidodir. Qonun tilning huquqiy poydevorini barpo etsa, uning haqiqiy qudrati bevosita kundalik hayotda namoyon bo‘ladi. Davlat idoralarida hujjatlarning savodli yuritilishi, maktablarda sifatli ta’lim berilishi, oliy o‘quv yurtlarida ilmiy tadqiqotlarning o‘zbek tilida olib borilishi, zamonaviy dastur va raqamli platformalarning ona tilimizda ravon ishlashi — bularning barchasi davlat tili maqomining amaldagi ifodasidir. Zero, til faqat bayramlarda madh etilib, tantanali nutqlarda ulug‘lansayu kundalik amaliy faoliyatda unga yetarlicha o‘rin berilmasa, ichki imkoniyatlari to‘laqonli yuzaga chiqmaydi. Bugun o‘zbek tili oldida turgan eng dolzarb vazifa ham aynan shundan iborat: boy tarixiy merosni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish va ona tilimizni kelajakdagi jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylantirishdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat tilini har tomonlama rivojlantirish, nufuzi va qo‘llanish ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2020-yil 20-oktabrda qabul qilingan davlat tilini rivojlantirish konsepsiyasida 2030-yilga qadar mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab berilgan bo‘lsa, 2025-yil 20-oktabrda ushbu yo‘nalishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Mazkur tashabbuslar davlat tilining jamiyat hayotidagi mavqeini mustahkamlash, ta’lim mazmunini takomillashtirish, elektron resurslarni boyitish hamda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish kabi keng qamrovli yo‘nalish¬larni qamrab oladi.

Bu jarayondagi eng muhim mezon amalga oshirilayotgan islohotlarning odamlar hayotida qanday amaliy samara berayotgani bilan belgilanadi. Har bir fuqaro davlat idorasiga murojaat qilganida o‘z fikrini davlat tilida erkin bayon eta olishi, rasmiy javobni aniq va tushunarli qabul qilishi, qabul qilinayotgan qonun hamda qarorlarning mazmun-mohiyatini qiynalmay anglay bilishi shart. Davlat tili fuqaroni davlatdan uzoqlashtiradigan quruq rasmiyatchilik vositasi emas, aksincha, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi muloqotni yaqinlashtiruvchi ishonchli ko‘prik bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun esa rasmiy hujjatlarda murakkab va sun’iy jumlalarni qalashtirishdan voz kechib, fikrni aniq, mantiqiy hamda sodda ifodalash madaniyatini shakllantirish taqozo etiladi.

Shuningdek, davlatning til siyosati kundalik hayotimizda — ko‘cha va mahallalardagi yozuvlar, peshlavhalar, tashqi rek¬lamalar, yo‘l ko‘rsatkichlari hamda jamoat joylaridagi axborot matnlarida ham yaqqol aks etadi. 2025-yilgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda qariyb 250 mingta geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ziyod ko‘cha nomi davlat tili talablariga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgan. So‘nggi ikki yil mobaynida tog‘lar, daryolar, metro va temir yo‘l bekatlari, aeroportlar singari 2600 ta obyektning nomi milliy ruhda qayta ko‘rib chiqilib, o‘zgartirilgani qayd etilgan. Bu kabi amaliy qadamlar ona tilimizning nafaqat rasmiy hujjatlarda, balki mamlakatimizning kundalik qiyofasida ham ustuvor bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, joy nomlarini tartibga solishda ularning tarixiy va madaniy ildizlarini chuqur o‘rganish, adabiy til va imlo me’yorlariga qat’iy amal qilish hamda aholi uchun tushunarli shakllarni tanlash g‘oyat muhim. Davlat tilining mavqeini mustahkamlash borasida yana bir muhim jihatni e’tibordan qochirmaslik kerak: til ravnaqini faqat nazorat va ma’muriy talablar bilan cheklab bo‘lmaydi. Tilga chinakam hurmat, avvalo, undan foydalanish qulay va tabiiy bo‘lgan sog‘lom muhitda shakllanadi. Qachonki fuqaro davlat tilida sifatli xizmat olsa, o‘quvchi qiziqarli darslik mutolaa qilsa, talaba o‘z mutaxassisligiga doir ilmiy manbalarni ona tilida qiynalmay topa olsa, kompyuter dasturi yoki mobil ilova o‘zbek tilida benuqson ishlasa, shundagina davlat tilining qadri va nufuzi yuksaladi.

Sun’iy intellekt davrida tilimiz istiqboli

Har qanday tilning haqiqiy qudrati faqat badiiy ifoda imkoniyatlari bilangina cheklanmaydi. U matematika, fizika, kimyo, biologiya, genetika, tibbiyot, iqtisodiyot, huquqshunoslik va axborot texnologiyalari singari murakkab sohalardagi ilmiy bilimlarni ham aniq va mukammal ifodalay olishi shart. Agar yosh mutaxassis o‘z sohasiga doir ilg‘or bilimlarni faqat chet tilida o‘zlashtirishga majbur bo‘layotgan ekan, bu holat o‘zbek tilidagi ilmiy manbalar, o‘quv adabiyotlari va terminologik bazani yanada rivojlantirish zarurligidan dalolat beradi. Ona tilimizning ilm-fan tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash uning kelajagi uchun g‘oyat muhim strategik vazifa. Bu maqsadga erishish yo‘lida fundamental va amaliy fanlar bo‘yicha zamonaviy darsliklar, ilmiy-ommabop asarlar, terminologik qo‘llanmalar hamda yuqori sifatli tarjimalarni ko‘paytirish talab etiladi. Zero, ilmiy tushunchani ona tilida aniq ifodalash imkoniyati o‘quvchining murakkab mavzuni o‘zlashtirishini osonlashtiradi, zamonaviy bilimlarni kengroq auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladi va milliy ilmiy tafakkurni rivojlantiradi. Albatta, bu vazifa xorijiy tillarni o‘rganishga qarama-qarshi qo‘yilmasligi kerak. Aksincha, u xalqaro ilmiy hamkorlikni ona tilida puxta bilim olish va ¬egallangan yangi bilimlarni o‘zbek tilida ham ravon ifodalay bilish ko‘nikmasi bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi.

Xalqaro miqyosda qo‘llanayotgan atamani asl holicha qabul qilish to‘g‘rimi yoki o‘zbek tilining ichki imkoniyatlariga taya¬nib, unga yangi muqobil topish kerakmi? Bu savollarga barcha holatlar uchun birdek mos keladigan tayyor qolip yoki yagona javob mavjud emas. Mazkur masalada har bir terminning ilmiy mazmuni, xalqaro miqyosda qo‘llanish darajasi, o‘zbek tilining fonetik-grammatik qonuniyatlari hamda foydalanuvchilar uchun qanchalik tushunarli bo‘lishi inobatga olinishi shart.

Bir tomondan, xalqaro maydonda keng ommalashgan atamalarni asossiz ravishda sun’iy o‘zbekchalashtirishga urinish ilmiy mohiyatni tushunishni qiyinlashtirib qo‘yadi. Ikkinchi tomondan esa, xorijiy tildagi har qanday so‘zni izohsiz va ko‘r-ko‘rona qabul qilaverish ham ona tilimizning ichki so‘z yasash imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi tayin. Masalan, ¬“kompyuter” yoki “aeroport” singari xalq tiliga singib ketgan so‘zlarni sun’iy va noqulay so‘z birikmalari bilan almashtirish amaliyotda kutilgan samarani ¬bermaydi. Eng asosiysi, tavsiya etilayotgan o‘zbekcha muqobil aniq, ixcham va ¬tabiiy jaranglashi, ifodalanayotgan tushunchani chigal holatga solmasligi darkor.

Elektron terminologik reyestrlar va yagona raqamli lug‘atlar tizimini shakllantirish ham samarali yechimlardan biridir. Bunday zamonaviy platformalarda har bir atamaning imlo qoidalariga muvofiq yozilishi, ilmiy izohi, qo‘llanish sohasi, tavsiya etilgan milliy muqobili hamda zarur hollarda chet tillardagi shakl¬lari jamlanishi mumkin. Bu esa turli vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari hamda ¬ommaviy axborot vositalarida bitta tushunchaning har xil yozilishi yoki turlicha talqin qilinishi kabi muammolarga barham beradi. Zero, terminologiya sohasidagi faoliyat tasodifiy qarorlar yig‘indisi emas, balki muntazam ilmiy tadqiqot va izchil muvofiqlashtirishga asoslangan yaxlit tizim bo‘lmog‘i kerak.

Sun’iy intellekt tizimlari tayanadigan ma’lumotlar bazasi qanchalik boy va mukammal bo‘lsa, ularning o‘zbek tilidagi matn hamda nutqni anglash, qayta ishlash qobiliyati ham shu qadar yuksaladi. Shu nuqtayi nazardan, milliy elektron til korpuslarini yaratish favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday korpuslar badiiy, ilmiy, rasmiy, publitsistik va boshqa uslubdagi matnlarni tartibli raqamli bazaga jamlash imkonini beradi. Qolaversa, barcha uchun ochiq va doimiy yangilanib boruvchi izohli hamda tarjima lug‘atlari, hududiy shevalar va talaffuz xususiyatlarini qamrab olgan ovozli ma’lumotlar bazalari, shuningdek, raqamlashtirilgan ilmiy maqolalar va dissertatsiyalar o‘zbek tilining raqamli olamdagi salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbek tilining raqamli istiqbolini ta’minlash uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlardagi ishlarni izchil va tizimli ravishda rivojlantirish zarur. Birinchidan, tilimizning barcha asosiy uslublarini qamrab oluvchi keng ko‘lamli elektron matn¬lar bazasini barpo etish kerak. Ikkinchidan, mavjud lug‘atlar va terminologik resurslarni yagona markazlashgan tizimga birlashtirish lozim. Uchinchidan, og‘zaki nutqni matnga aylantirish va yozma matnni tabiiy ovozda o‘qish texnologiyalarini yanada takomillashtirish talab etiladi. To‘rtinchidan, o‘zbek tilidagi ilmiy hamda ta’limiy manbalarni to‘liq raqamlashtirish va ulardan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish darkor. Beshinchidan esa, mashina tarjimasi hamda matnni mazmunan tahlil qilish tizimlarini yangi bosqichga olib chiqish shart. Mazkur yo‘nalishlar o‘zaro bir-birini to‘ldirib, ona tilimizning zamonaviy texnologiyalar olamidagi ishtirokini mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi.

Sun’iy intellekt imkoniyatlari til o‘rganish va uni o‘qitish jarayonida ham beqiyos ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy elektron lug‘atlar, talaffuz to‘g‘riligini tekshiruvchi dasturlar, interaktiv mashqlar, audiodarslar hamda sun’iy intellektga asoslangan suhbat modullari har bir o‘rganuvchiga o‘z individual sur’atida bilim olish sharoitini yaratadi. Xususan, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida o‘zbek tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan sun’iy intellekt modulini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham ushbu yo‘nalishning dolzarb ekanini tasdiqlaydi. Bunday innovatsion vositalar o‘zbek tili va boy madaniyatimizga qiziquvchi xorijliklar uchun g‘oyat foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan har qanday matnni ishonchli deb qabul qilish ham xatodir. Texnologiya ba’zida so‘zlarni noo‘rin tanlaydi, mantiqiy mazmunni buzadi, aslida, mavjud bo‘lmagan ma’lumotni haqiqatdek taqdim etadi yoxud o‘zbek tilining o‘ziga xos uslubiy nozikliklarini e’tibordan chetda qoldiradi. Ayniqsa, huquqiy, tibbiy, ilmiy hamda rasmiy matnlarda bu kabi nuqsonlarga yo‘l qo‘yilishi jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, sun’iy intellektga inson mutaxassisning o‘rnini butkul egallaydigan vosita sifatida emas, uning mehnatini yengillashtiradigan yordamchi texnologiya sifatida qarash lozim. Raqamli vositalarning sifatini oshirishda tilshunoslar, muharrirlar, o‘qituvchilar va soha mutaxassislarining doimiy nazorati hal qiluvchi o‘rin tutadi. Zero, bu ko‘lamdor vazifalarni yolg‘iz filologlar yoki davlat idoralarining kuchi bilan hal etib bo‘lmaydi. O‘zbek tilining raqamli qudrati tilshunoslar, dasturchilar, ma’lumotlar muhandislari, tarjimonlar, jurnalistlar, ta’lim mutaxassislari hamda sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlarning uzviy hamkorligi natijasida shakllanadi. Jarayonda tilshunos adabiy me’yor va ma’no nozikliklarini tushuntirib bersa, soha mutaxassisi ilmiy tushunchaning aniq mazmunini belgilaydi, dasturchi esa ushbu bilimlarni mukammal texnologik yechimga aylantiradi. Ana shunday mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘¬yilgandagina til bo‘yicha ilmiy bilimlar ¬amaliy mahsulotlarga aylanadi, zamonaviy texnologiyalar esa o‘zbek tilining haqiqiy ehtiyoj¬lariga javob bera boshlaydi.

O‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish ham mazkur jarayonning muhim qismi. Xorijiy universitetlarda o‘zbek tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, til markazlari faoliyatini jonlantirish, chet elliklar uchun zamonaviy darsliklar hamda elektron kurslar yaratish, o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga oid raqamli resurslarni ko‘paytirish ona tilimizning xalqaro miqyosdagi ishtirokini kuchaytiradi. Zotan, har qanday tilning nufuzi faqat uning tarixiy boyligi bilangina emas, balki bugungi dunyoga qanday bilim, madaniyat va yangi imkoniyatlar taqdim eta olishi bilan ham belgilanadi.

Mas’uliyat hissi

Davlat tilini targ‘ib etishning yangi bosqichi balandparvoz shiorlardan ko‘ra, insonlarning kundalik hayotiga bevosita kirib boradigan amaliy loyihalar bilan ajralib turmog‘i lozim. Masalan, o‘zbek tilida yuqori sifatli ilmiy, texnik, falsafiy hamda madaniy kontent yaratayotgan ijodkorlarni tanlovlar, grantlar va boshqa rag‘batlantirish mexanizmlari orqali qo‘llab-quvvatlash mumkin. Internet tarmog‘ida o‘zbekcha sifatli mahsulotlarning ko‘payishi nafaqat tilimiz nufuzini yuksaltiradi, balki yosh mutaxassislar uchun yangi kasbiy va ijodiy imkoniyatlar ham yaratadi. Shuningdek, o‘zbek tilidagi matnlarning imlo, tinish belgilari hamda uslubiy xatolarini aniqlashga ko‘maklashuvchi bepul raqamli vositalarni ishlab chiqish ham amaliy jihatdan g‘oyat muhim. Bunday dasturlar matn yozayotgan o‘quvchi, talaba, jurnalist, davlat xizmatchisi yoki oddiy foydalanuvchiga o‘z xatolarini ko‘rish va tuzatish imkonini taqdim etadi. Biroq avtomatik tekshiruv vositalari ham mukammal bo‘lmasligi tabiiy. Shu sababli ularni muntazam sinovdan o‘tkazib borish, tilshunoslar ishtirokida takomillashtirish hamda foydalanuvchilarning fikr-mulohazalari asosida yangilab borish talab etiladi. Bundan tashqari, davlat idoralari va biznes subyektlarida davlat tilining qo‘llanish sifatini doimiy tahlil qilish, rasmiy hujjatlar, veb-sayt¬lar, reklama va xizmat ko‘rsatish materiallarining til me’yorlariga muvofiqligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish ham ijobiy samara beradi. Bunday lisoniy auditning maqsadi faqatgina xatolarni qayd etish yoki tashkilotlarni tanqid qilish emas, balki mavjud muammolarni aniqlash, uslubiy yordam ko‘rsatish va til madaniyatini yaxshilashga ko‘maklashishdan iborat bo‘lmog‘i kerak. Natijada davlat tili qoidalari kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylanadi. Uzoq muddatli istiqbolda o‘zbek tili uchun milliy sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega. Nutqni matnga aylantirish, matnni tabiiy ovozda o‘qish, tarjima qilish hamda matn mazmunini tahlil etish imkoniyatlarini kengaytirish fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishi, ta’lim olishi va axborotga erishishini sezilarli darajada yengillashtiradi. Shubhasiz, bunday ekotizimni yaratish katta hajmdagi sifatli ma’lumotlar bazasini, malakali mutaxassislarni, barqaror moliyalashtirishni hamda izchil ilmiy-texnik hamkorlikni talab etadi. Shu bois, bu ishlarga bir martalik loyiha sifatida emas, balki uzoq muddatli va bosqichma-bosqich rivojlantiriladigan strategik yo‘nalish sifatida qarash zarur.

Eng muhimi, tilning kelajagini faqat davlat qarorlari yoki texnologik loyihalargagina bog‘lab qo‘ymaslik kerak. Bu yo‘lda har bir fuqaro, o‘qituvchi, jurnalist, olim, dasturchi, tadbirkor va kontent yaratuvchining ham o‘z mas’uliyati bor. Savodli yozish, sifatli matn yaratish, o‘z sohasidagi bilimlarni o‘zbek tilida ravon tushuntirish, yangi atamalarni ilmiy asosda qo‘llash hamda raqamli vositalardan ona tilida foydalanish — bularning barchasi tilimiz ravnaqiga qo‘shilgan amaliy hissadir. Zero, tilni sevish faqat uni madh etish emas, uning rivoji uchun sidqidildan mehnat qilish demakdir. O‘zbek tilida yaxshi kitob yozish, puxta darslik yaratish, xatosiz hujjat tayyorlash, sifatli tarjima qilish, foydali mobil ilova ishlab chiqish yoki internetda savodli fikr bildirish ham bevosita til ravnaqiga xizmat qiladi. Qonun tilning huquqiy asosini yaratadi, islohotlar yangi imkoniyatlar ochadi, ilm-fan va texnologiyalar esa uning ko‘lamini kengaytiradi. Biroq tilni chinakamiga yashatadigan asosiy kuch — undan har kuni foydalanadigan, uni boyitadigan va kelajak avlodga yetkazadigan xalqning o‘zidir.

Bugun o‘zbek tili oldida ulkan tarixiy imkoniyat turibdi. U o‘tmishdan meros qolgan boylik sifatida asralishi, bugungi jamiyatning faol muloqot vositasi sifatida rivojlanishi hamda kelajak texnologiyalarining to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishi shart. Bunga erishish uchun esa ta’limda sifat, ilm-fanda izlanish, davlat boshqaruvida savodxonlik, internetda mas’uliyat va texnologiyalarda izchil taraqqiyot zarur. Ushbu vazifalarning birortasi boshqasidan ajralgan holda kutilgan natijani bermaydi. Ular o‘zaro bir-birini to‘ldirib, yagona maqsad — o‘zbek tilining hayotiyligi va nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmog‘i lozim. Ajdodlarimiz bizga boy tilni meros qoldirdi. Endi bizning vazifamiz uni faqat asrab qolish emas, yangi bilimlar, ilmiy kashfiyotlar hamda zamonaviy texnologiyalar bilan boyitishdan iborat.

Til — millatning urib turgan yuragi. Uni kelajakka olib chiqish esa butun jamiyatning vazifasi. O‘zbek tilining ertangi mavqei bugun uni qanday asrashimiz bilangina emas, qay darajada rivojlantirishimiz, qanday bilimlar bilan boyitishimiz hamda qanday texnologiyalar bilan uyg‘unlashtira olishimiz orqali ham belgilanadi. Zero, o‘z tilini chin ma’noda yuksaltira olgan millatgina ertangi kunini dunyoga o‘z ovozi bilan so‘zlay oladi.

Ilhom XOLMURODOV,

Kasbiy ta’lim agentligi direktorining ma’naviyat

va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi