“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xorijdan olib kelingan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi.
Jumladan, “Bangkok – Dehli – Toshkent” aviayo‘nalishida Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelib, “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan 2005 y.t. Qirg‘iz Respublikasi fuqarosiga tegishli chemodanlar o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada, ularning ichida bo‘lgan shampun idishlarda umumiy og‘irligi 11,8 kg. ni tashkil qiluvchi “gashish moyi” borligi aniqlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotik modda Yunusobod tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda qoldirilgach, uni olib ketish uchun kelgan vaqtida Chirchiq shahrida yashovchi, 2001 y.t. fuqaro ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Tailand davlatidan olib kelinayotgan mazkur giyohvandlik vositalari mamlakatimiz orqali qo‘shni respublikaga yetkazilishi kerak bo‘lgan.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.