Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.M.” MChJ mas’ul shaxslari kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda go‘yoki 76,2 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilganligi yuzasidan soxta ma’lumotlar rasmiylashtirib, savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida soxta xarid cheklarini chiqarib, ushbu cheklarni “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali 2 475 nafar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga 70-150 ming so‘mdan sotib, 7,5 mlrd so‘m “Soliq Mobile” ilovasi orqali "Keshbek" sifatida hisoblanib, shundan 4,1 mlrd so‘m to‘lab berilib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “E.G.” va “I.F.” MChJlarning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda go‘yoki 10 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilganligi yuzasidan soxta ma’lumotlar rasmiylashtirib, savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida soxta xarid cheklarini chiqarib, ushbu cheklarni “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali 1 812 nafar ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxsga 100-150 ming so‘mdan sotib, 1 mlrd so‘m “Soliq Mobile” ilovasi orqali "Keshbek" sifatida hisoblanib, shundan 640,8 mln so‘m to‘lab berilib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.