Toshkent shahri Olmazor tumanidagi yo‘l qatnov qismida poyga uyushtirib, fuqarolarning hayotini xavfga qo‘ygan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini ko‘pol ravishda buzgan ikki yigitga jazo tayinlandi, deya xabar bermoqda poytaxt YHXB.
Boshqarmaga 22 mart kuni soat 03:40 da Lacetti va Onix avtomobillarida poyga uyushtirilayotgani, harakat qoidalari bilan birga jamoat tartibi buzilayotgani yuzasidan tezkor ma’lumot kelib tushgan.
Mazkur ko‘chadagi kamera yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmasi asosida o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida Lacetti'da 27 yoshli Ramiz Islomov va Onixda 21 yoshli Azimjon Abdusattorov bo‘lgani aniqlangan.
Shu kunning o‘zida mashinalar jarima maydoniga qo‘yilgan. Hujjatlar sudga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi qaroriga ko‘ra, ikki yigitning har biriga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.