Bu navbatdagi rejali parvoz tekshiruvi bo‘lib, xavotirga o‘rin yo‘q, deya xabar beradi “O‘zaeronavigatsiya”.
Qayd etilishicha, ICAO (Xalqaro fuqarо aviatsiyasi tashkiloti) hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining amaldagi me’yoriy hujjatlariga muvofiq, radiotexnik vositalarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish hamda havo kemalarining xavfsiz va muntazam parvozini ta’minlash maqsadida «Avion» aviakompaniyasining 545-sonli laboratoriya havo kemasi yordamida navbatdagi parvoz tekshiruvlari amalga oshiriladi.
Tekshiruv jarayonida havo kemasi Toshkent shahri uzra taxminan 1 ming metr balandlikda turli yo‘nalishlar va manevrlar bo‘yicha 6 soatgacha parvoz qilishi mumkin.
Shu sababli laboratoriya havo kemasi bir hudud ustidan bir necha marta uchib o‘tishi va odatdagidan farqli manevrlarni amalga oshirishi mumkin.
Qayd etilishicha, ushbu parvozlar rejali tekshiruv jarayonining bir qismi hisoblanadi va ular xavotirlanish uchun asos bo‘lmaydi.