Toshkent shahrida madaniyat va sanʼat sohasidagi islohotlar ijrosi muhokama qilinib, soha oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni sifatli bajarish hamda poytaxtda madaniyat va sanʼat sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, 2026 yil 21 apreldagi 150-son qaror hamda 2 iyunda qabul qilingan 103-son Farmon asosida sohada yangi tizim va yondashuvlar joriy etilmoqda. Biroq Toshkent shahrida ushbu islohotlarga munosabat va ularning ijrosi hozircha yetarli darajada emasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan sohadagi vazifalar ijrosini yaxshilash va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar madaniyat boshqarmasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Bahromov Bekzod Bahrom oʻgʻli Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Shuningdek, Isroilov Shukurillo Ahmadkulovich boshqarma boshligʻi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Yangi rahbarlarga, avvalo, sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, jamoani bir maqsad atrofida birlashtirish va aniq natijalar bilan ishlash vazifasi qoʻyildi.
Toshkent shahri yil yakuniga qadar madaniyat va sanʼat sohasining barcha yoʻnalishlari boʻyicha namunaviy koʻrsatkichlarga erishishi kerakligi taʼkidlandi.