Ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar qo‘porib tashlangani haqida xabar tarqalganidan so‘ng Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Ekopolitsiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida o‘rganish olib bordi.
Tekshiruv davomida “G‘azalkent” mahallasi hududida “Y.D.” MCHJ tomonidan 2 gektar maydonda jami 586 tup daraxt noqonuniy ravishda ildizi bilan qo‘porib tashlangani aniqlandi.
Ularning 9 tupi do‘lana, 3 tupi archa, 3 tupi tog‘ olchasi va 571 tupi uchqat ekani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan tadbirkorga bir necha bor murojaat qilingan. Biroq u qonuniy talablarga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatishga uringan.
Ayni paytda Ekopolitsiya tomonidan huquqbuzarlikka chek qo‘yilgan. Maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar ham chiqarib olingan va tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qonunbuzarlik natijasida tabiatga 1 mlrd 705 mln 660 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.