Bugun mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar va ezgu ishlarning salmogʻi kundan kunga ortib bormoqda.
Pedagogman,
taʼlim sohasida ishlayman, umuman olganda, kelajagimiz uchun befarq emasman
degan har bir inson aslida tarbiyachidir. Zotan, bugungi tezkor zamonda chetda
tomoshabin boʻlib turishga yoki taʼlim-tarbiya masalasi faqat mutaxassislarning
ishi deb qarashga hech kimning haqqi yoʻq.
Katta orzu-niyatlar
bilan yangi Oʻzbekistonni bunyod etmoqdamiz. Bu jarayonda esa taʼlim sohasi vakillari,
millat ertasining tarbiyachilari hisoblangan ziyolilar bir yoqadan bosh chiqarib,
mehnat qilishi darkor. Biz ham universitetimiz jamoasi bilan mamlakatimiz rivojiga
munosib hissa qoʻshish maqsadida javlon urib mehnat qilayotirmiz. Ayniqsa, soʻnggi
oʻn yillikda taʼlim sohasiga eʼtibor pedagoglarni, professor-oʻqituvchilarni shukrona
bilan yashash va kasbidan faxrlanishga undamoqda. Majburiy mehnat, paxta yigʻimi
va boshqa qora ishlardan ziyolilarning ozod etilgani — mana endi ularga chinakam
ziyoli sifatida munosabatda boʻlinayotganidan dalolat. Hozir bor eʼtiborimizni taʼlim
sifatini koʻtarish, xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, yoshlarning
ilmiy va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratyapmiz.
Universitetimizda
2017-yilda talabalar soni 3550 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilga kelib,
15 ming 242 nafarga yetdi. Yigit-qizlarimiz 64 ta bakalavriat taʼlim
yoʻnalishida tahsil olmoqda. 24 ta magistratura mutaxassisligida 293 nafar
talaba dastlabki ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanmoqda. 2026/2027 oʻquv
yilida 3250 nafar abituriyent oʻqishga qabul qilinadi. Toʻgʻri, bu raqamlar
kishini xursand qiladi. Qancha yoshlarimiz oliy maʼlumotli boʻlsa, shuncha
yaxshi. Ammo har bir raqam ostida minglab taqdirlar turganini inobatga olsak,
bu jarayon barcha professor-oʻqituvchilardan katta masʼuliyat talab etadi.
Son bor joyda
sifat, sifat bor joyda son oʻsishi kerak. Bu oʻrinda oliygohimizning ilmiy
salohiyati yildan yilga oʻsayotgani Guliston davlat universiteti kreativ
fikrlovchi yoshlar va oʻz tadqiqoti bilan yurt taqdiriga, xalq manfaatiga
xizmat qilishni burch deb bilgan olimlar markaziga aylanayotganidan dalolat.
2023-yilda ilmiy salohiyatimiz 40,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilda
42,3 foizga, 2025-yil yakunlariga kelib esa 50,1 foizga yetdi. 2026-yilning
birinchi choragida ilmiy salohiyat 53 foizni tashkil etdi. Ilmiy kadrlar
tarkibi ham sifat jihatidan sezilarli yangilandi. 2023-yilda universitetda 157
nafar falsafa doktori faoliyat yuritgan boʻlsa, 2025-yilga kelib ularning soni
205 nafarga yetdi. Ayniqsa, yosh olimlar ulushining ortishi universitetda ilmiy
maktablar barqaror rivojlanayotganini koʻrsatadi. Xususan, 40 yoshgacha boʻlgan
PhD darajasiga ega olimlar soni 39 nafardan 72 nafarga yetdi, ayol PhD olimlar
soni esa 28 nafardan 59 nafargacha oshdi. Bu esa universitetda gender
muvozanatini taʼminlash hamda yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash siyosati
samarali amalga oshirilayotganini koʻrsatadi. Albatta, bu raqamlar tizimli
ravishda oʻsib, ilmiy tadqiqotlar qamrovi kengayib boradi.
Mamlakat ertasi ilm-maʼrifat, kitob bilan nurlidir. Bu oʻrinda yurtimizda
kitobga eʼtibor, kitobxonlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik har galgidan
yuksalib bormoqda. Nafaqat universitetimiz, balki viloyatimizdagi barcha
mahalla yoshlari, xususan, uyushmagan yoshlar uchun ham xizmat qiluvchi,
ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etuvchi kutubxona barpo etish
qalbimizdagi niyatlardan biri edi. Bu niyatni yaratilgan imkoniyatlardan
foydalangan holda amalga oshirdik. Hozir bir vaqtning oʻzida 700 nafar kitobxonga
xizmat qiluvchi universitet axborot-resurs markazi faoliyat yuritmoqda. Bugun
kutubxonamizga keluvchilar hamda undan foydalanuvchilar soni universitet
talabalari sonidan oshib ketgan. Sababi, chekka-chekka mahallalardan, qishloq
va tumanlardan oʻquvchilar, yoshlar kelib, markaz bilan tanishmoqda, kitob
mutolaa qilmoqda. Kitobxonlik loyihalarida faol ishtirok etmoqda.
Niyatimiz
universitetimiz talabalari orasidan yana koʻplab “Yosh kitobxon” tanlovi
gʻoliblari — “Prezident sovgʻasi” sovrindorlari yetishib chiqsin. Prezidentimiz
oldimizga asosiy vazifa sifatida yoshlar tashabbuslarini oʻrganishni qoʻyib
berdi. Yangi Oʻzbekistonda har bir rahbar yosh avlodning takliflarini
oʻrganishi, ularni qoʻllab-quvvatlashi, ularning dardu gʻami bilan yashab, muammolarini
bartaraf etishi orqali Uchinchi Renessans bunyodkorlarini tarbiyalashga munosib
hissa qoʻshgan boʻladi.
Bu oʻrinda biz —
oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari yoshlarni eshitish boʻyicha namuna boʻlib,
yuksak islohotlar jarayonida Prezidentimizga qanot boʻlishimiz darkor. Guliston
davlat universitetida har payshanba kuni yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazishni
anʼanaga aylantirdik. Bu uchrashuvlar ayni kunlarda “Dolzarb 90 kunlik”
doirasida ham davom etmoqda. Yoshlar bilan har galgi uchrashuvda ularning
koʻzlari yonib turishini, ilmi va isteʼdodi yoʻlida yangi gʻoya hamda
tashabbuslar bilan chiqishlarini koʻrib, dilim yayraydi. Ana shu onda
mamlakatimizdagi yoshlar siyosati boʻyicha qilinayotgan islohotlar qay darajada
muhim ekanini yana bir karra chuqur his qilaman. Filologiya fakulteti
talabalari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda universitetimizning “Mushoira” klubi
aʼzolari “Ustoz, sheʼrlarimizni klub mashgʻulotlarida ancha charxlab boryapmiz.
Taklifimiz — ijodimizni toʻplab, bir kitob qilsak va nashr ettirsak”, deganida,
sheʼrlaridan aytib berganida qalbimiz quvonchga toʻldi. Tinch va osoyishta
yangi Oʻzbekistonga mana shunday sheʼrlar, mana shunday shodon yoshlar
yarashadi, albatta. Taklif ijrosi yuzasidan kitob tayyorlashga kirishdik. Bugun
Guliston davlat universitetining ijodkor talabalari qalamiga mansub sheʼrlar
jamlangan salkam 200 sahifali kitob nashr etilish arafasida turibdi. Bu ham
mustaqilligimizning 35 yilligiga universitetimiz nomidan ijodkor
yoshlarimizning bir tuhfasi boʻladi, desam mubolagʻa boʻlmas. Universitetda
ijodiy muhitni yanada rivojlantirish yoʻlida harakat qilyapmiz. Natijada
ijodkor oʻgʻil-qizlarimiz hali talaba boʻlishiga qaramay, davlat mukofotlariga
munosib koʻrilmoqda. Oliygohimiz yoshlaridan adabiyot yoʻnalishida “Mard oʻgʻlon”
davlat mukofoti bilan Yorqinjon Hayitboyevning, xuddi shu yoʻnalishda Zulfiya
nomidagi davlat mukofoti bilan Zarnigorxon Abduolimovaning, sanʼat yoʻnalishida
esa Jasmina Sheraliyevaning mukofotlangani universitetimiz ijodkor yoshlar
uchun qanot boʻlayotganidan dalolat.
Bundan tashqari,
Turkmanistonda oʻtgan “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari” fani
boʻyicha ochiq xalqaro internet-olimpiadasida 2 talabamiz gʻoliblikni qoʻlga
kiritdi. “Bukhara International Mathematics Olympiad — 2026” da ishtirok etgan
universitetimiz jamoasi 3 ta kumush, 2 ta bronza medal va 1 ta jamoaviy kubok
sohibi boʻldi. Qozogʻistonning Olmaota shahrida matematika, fizika va
informatika fanlari boʻyicha oʻtkazilgan 22-xalqaro Jautikov olimpiadasida esa
jamoamiz 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Biz bu
natijalar bilan toʻxtab qolmaymiz. Yoshlarimizning yutuqlari bardavom boʻlishi
uchun yanada ulkan rejalarni maqsad qilganmiz.
Yangi Oʻzbekiston
qanday qudratga ega ekanini sportchilarimiz dunyo arenalarida namoyon etib
kelmoqda. Buni yaqindagina mundialda Oʻzbekiston jamoasining ilk bora ishtirok
etgani va bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi davlat sifatida tarixga
kirgani hamda futbol boʻyicha jahon chempionatidagi birinchi oʻzbek golini
sirdaryolik vakilimiz Abbosbek Fayzullayev darvozaga kiritgani koʻrsatib
qoʻydi. Toʻgʻri, birinchi marotaba boʻlgani sababli gʻalabaga erisha
olmagandirmiz, ammo hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlmasligini, yana mehnat qilib,
oʻz ustimizda ishlashimiz lozimligini tushundik. Oʻylaymanki, hali terma
jamoamiz mundialda munosib gʻalaba qozongan kunlarni ham koʻramiz. Sababi,
Oʻzbekiston — yoshlarga katta imkoniyatlar beradigan, butun dunyo havas bilan
qarayotgan mamlakat.
Oʻtgan oʻquv
yilida Guliston davlat universitetida barcha sharoitga ega sport maydoni qad
rostladi. Maydonda futbol, yengil atletika, stol tennisi va boshqa sport
turlari bilan shugʻullanish uchun hamma imkoniyatlar yetarli. Mamlakatimizda
har yili turli tanlovlar, “Besh muhim tashabbus” olimpiadalari oʻtkazib
kelinmoqda. Oʻtgan yili oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida
oʻtkazilgan “Besh muhim tashabbus” olimpiadasining respublika final bosqichiga
Guliston davlat universiteti mezbonlik qildi. Natijalarga koʻra esa
universitetimizning futbol jamoasi mini futbol boʻyicha barcha hudud
jamoalarini ortda qoldirib, respublika chempioni degan nomga sazovor boʻldi.
Albatta, bu yutuqlar bilan cheklanib qolmay, oʻz ustimizda yanada ishlab,
universitetimiz talabalarining sport sohasidagi yutuqlari bardavom boʻlishi
uchun harakat qilishimiz darkor.
Isteʼdodli
yoshlarni munosib ragʻbatlantirish natijadorlikni oshiradi. Universitetimizda
yuqori natijalar egallab, shaxsiy namuna koʻrsatayotgan, respublika va xalqaro
miqyosdagi tanlov hamda loyihalarda faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz juda
koʻp. Ularni oʻz vaqtida moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib bormoqdamiz. Ammo
ragʻbatning yana boshqa usullarini topish kerakligi hamda buning ortidan
yoshlarning motivatsiyasini oshirish ustida ancha vaqt oʻylab yurdim. Sababi,
bugun yoshlar bilan ishlash, ularni yurt taqdiriga munosib hissa qoʻsha
oladigan qilib tarbiyalash, daxldorlik hissini yuksaltirish, ularni har qanday
yot gʻoyalardan asrash har qachongidan muhim. Men har safar qaysidir ishni
boshlashdan oldin mutolaa qilishni odat tusiga aylantirganman. Ana shunday
mutolaa jarayonlarining birida bir gʻoya kelib qoldi. Universitetning eng faol,
namunali, tashabbuskor va yuqori natijalar qayd etgan talabalarining
xonadonlariga — bevosita ularning ota-onalariga urgʻu qaratgan holda maxsus
yorliqlar ilsak-chi deb oʻylab qoldim. Yon daftarimga bu yorliqning nomini
“Sharaf yorligʻi” deb yozib qoʻydim. Albatta, har qanday ota-ona oʻz
farzandidan iftixor tuysa, sharaflansa, farzandning ham qalbi, ham kelajagi
nurga toʻladi. Yorliq ichiga “Ushbu xonadonda Guliston davlat universitetining
eng namunali talabasini tarbiyalagan muhtaram ota-ona istiqomat qiladi”, deb
yozdik. Gʻoya taklifga, taklif esa harakatga aylanib, har bir fakultetimizdan
ushbu yorliqqa munosib, eng namunali talabalarni tanlay boshladik. Barcha
fakultet dekanlari oilalarga, xonadonlarga borib, eng namunali talabaning
ota-onasiga ana shu yorliqni iftixor bilan topshirdi. Oʻsha onda barcha
onalarning mijjasida yosh koʻrdik. Bu faxr va quvonch yoshi edi. Albatta,
namunali talabani tanlashda bugun har bir hududda ilgari surilayotgan
obodonchilik, talabaning tabiatga, atrof-muhitga, mahallayu qishloqning
obodligiga munosib hissa qoʻshganini ham alohida eʼtiborga oldik. Shu zaylda
eng namunali talabalarni tarbiyalagan obod xonadonlar universitetimizning
“Sharaf yorliqlari”ga munosib koʻrildi. Natija kutganimizdan ziyod boʻldi.
Bugun Guliston davlat universiteti talabalari ana shunday “Sharaf yorliqlari”
bilan ota-onalarini xursand qilish yoʻlida oʻzaro sogʻlom raqobat asosida oʻz
ustida ishlab, taʼlim va ijtimoiy faollik reytinglarini oshirib bormoqda.
Obodlik koʻngildan
boshlanadi. Shunday koʻngillardagina bunyodkor gʻoyalar boʻy choʻzadi. Har bir
xonadon, har bir koʻcha, har bir majmua obod boʻlsa, yurtimiz chiroyiga chiroy
qoʻshiladi. Buning uchun esa, avvalo, har birimiz shaxsiy namuna koʻrsatishimiz
kerak. Universitetimizning bir guruh faol talabalarini volontyorlik klubi
ostida birlashtirdik. Uning nomini Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin
Vohidov xotirasiga hurmat tariqasida, shoir sheʼri nomiga hamohang tarzda
“Jilgʻa” deb atadik. Albatta, bugun klub aʼzolari universitetimiz atrofidagi
mahallalarda, viloyatning turli qishloqlarida yolgʻiz nuroniylar va imkoniyati
cheklangan insonlarning xonadonlarida hashar ishlarini tizimli bajarib
kelmoqda.
Bugun
mamlakatimizni dunyo hamjamiyati eʼtirof etmoqda. Sababi, yangi Oʻzbekiston
nafaqat islohotlar zamini, balki ana shu islohotlarning amaldagi tasdigʻini
namoyon etgan adolat, haqiqat va totuvlik maskanidir. Uning maʼrifiy majmuasiga
aylangan Islom sivilizatsiyasi markazi — milliy maʼnaviyatimizning, yuksak
eʼtiqodimizning va jahon tamadduniga qoʻshgan munosib hissamizning koʻzgusi.
Jamoamiz bilan markazda bir emas, bir necha marta boʻldik va isteʼdodli yoshlarimizni
ragʻbatlantirish sifatida ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohatini
tashkil etdik. Har safar yoshlar bilan uchrashuvda markazda boʻlgan
talabalarimizdan soʻrasam, koʻrganlarini toʻlib-toshib gapirib beradi. Ha,
davlatimiz rahbari yurtimizning boy merosi haqida ana shunday toʻlib-toshib,
iftixor bilan gapirishimizga imkon yaratib berdi. Buning uchun esa cheksiz
shukrona keltirib, bunday majmualar bilan yoshlarimizni koʻproq
tanishtirishimiz kerak. Men ushbu markazda boʻlib, soʻnggi 10 yildagi
islohotlar koʻlami naqadar keng ekanini chuqur his qildim.
Yaqinda
mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini nishonlaymiz. Oʻtgan fursat davomida
yurtimiz dunyo xaritasidagi oʻrnini yanada mustahkam egallab, Oʻzbekiston
qanday diyor ekanini butun olamga koʻrsatib qoʻydi. Ayniqsa, soʻnggi 10
yillikdagi odilona, xalqchil siyosat yangi Oʻzbekistonning diplomatik
qiyofasini yanada jozibador koʻrinishga keltirdi. Joriy yil xizmat safari bilan
Xitoyda boʻldim. U yerdagi bir qancha oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan
muzokaralar oʻtkazdik. Uchrashgan har bir hamkorimiz mamlakatimiz haqida juda
iliq fikrlarni bildirdi. Ayniqsa, ulardan birining “Sizning yurtingiz bilan
hamkorlik qilish biz uchun sharaf. Chunki Prezidentingizning ochiqlik siyosati
yangi Oʻzbekistonning chin maʼnoda yangi rivojlanish bosqichiga chiqqanidan
dalolatdir”, deb taʼkidlagani meni faxrlantirdi. Bugun Oʻzbekistonga, xususan,
Sirdaryoga xorijiy delegatsiyalarning keti uzilmayapti. Universitetimizda ham
xitoylik hamkorlarimizning tashriflari manfaatli boʻlmoqda. Axborot
texnologiyalari va fizika-matematika fakulteti huzurida yangi markaz,
filologiya fakultetimiz huzurida xitoy tili markazini tashkil etdik.
Shuningdek, Samad Vurgʻun nomidagi ozarbayjonshunoslik auditoriyasiga asos solindi.
Avvallari professor-oʻqituvchilarning xorijga xizmat safariga borishi
shov-shuvli voqea boʻlar edi, ammo bugungi imkoniyatlar natijasida guruh-guruh
talabalarimiz bir qarasangiz Xitoyda, bir qarasangiz dunyoning yana boshqa bir
mamlakatida almashinuv dasturlarida ishtirok etishmoqda. Bu esa yoshlarimiz
uchun yurtimizdagi imkoniyatlar xalqaro eshiklarni ham ochayotganidan dalolat.
Har yili mamlakatimiz mustaqilligini nishonlaydigan munavvar kunlar
arafasida Prezidentimiz tegishli farmonlarga imzo chekib, turli sohalardagi bir
guruh fidoyi va vatanparvar yurtdoshlarimizni yuksak davlat mukofotlari bilan
taqdirlaydi. Men ana shu jarayonda mamlakatimiz ziyolilarining munosib
ragʻbatlantirilayotgani, qilingan mehnatga yuksak javob qaytayotganidan xursand
boʻlaman. Bu yil aynan ulugʻ bayramimiz shukuhi kezib yurgan kunlarda
Prezidentimizga Qirgʻiz Respublikasining I darajali “Manas” ordeni berilgani va
uni shaxsan qardosh mamlakat rahbari samimiyat va cheksiz hurmat bilan taqdim
etgani meni, avvalo, bir fuqaro, ziyoli pedagog sifatida nihoyatda xursand
qildi va xayolimdan bir oʻy oʻtdi. Prezidentimiz har yili mustaqillik ayyomida
yurtdoshlarimizni xursand qilar edi, ularning koʻnglini togʻ qadar koʻtarardi.
Mana, bu yil esa qoʻshnilarimiz mamlakatimiz yetakchisini shu qadar eʼzozlab,
yangi Oʻzbekiston islohotlarini eʼtirof etib, oʻzlarining eng yuksak
mukofotlarini taqdim etayotgani — davlatimiz rahbarining azmu shijoatlariga
berilgan odilona baho va xalqimizning samimiy duolari natijasidir. Albatta,
yurt ishqi bilan javlon urilgan mehnat, bu yoʻlda safarbar etilgan umr hammamiz
uchun haqiqiy oʻrnakdir.
Shu oʻrinda bir
savol berish oʻrinlidir. Xoʻsh, mustaqillik oʻzi nima? Mustaqillik millat
ertasi uchun negiz demakdir. Mustaqillik har tomchisi ezgulik deb nomlanadigan
dengiz, har qoyasi Vatan deb nomlanadigan togʻ, har tomiri xalq deb
nomlanadigan daraxt kabidir. Har niholga qarov kerak boʻlgani kabi
mustaqillikni ham asrash, qadriga yetish, himoya qilish lozim. Shubhasiz,
“Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash
uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib, Vatanimiz nomini dunyo hamjamiyati
oldida yanada zabardast tutib bermoqda. Biz mana shu yurt uchun munosib hissa
qoʻsha olishimiz darkor. Bunda xizmatimiz yoshlarning oʻzbekona tarbiyasi,
xalqaro standartlarga asoslangan sifatli taʼlimida namoyon boʻladi.
Muxsin HOJIYEV,
Guliston davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali