Ularning barchasini kuzatib, xabardor boʻlib, natijasini tahlil etish ancha mehnat talab qiladi. Prezidentimizning baʼzi sohalar boʻyicha chiqargan qator farmon va qarorlari hamda tashabbusi bilan tub islohotlar, yangilanishlar amalga oshirildi, samarador mexanizmlar hayotga tatbiq etildi. Bu tarmoqlar, sohalar bilan birga yurtdoshlarimizning munosabati, dunyoqarashini ham oʻzgartirib yubordi.
Dunyoqarash oʻzgarmasa, dunyo
oʻzgarmaydi, deyishadi. Islohotlar ham Oʻzbekistondagi ijtimoiy hayot oʻzanini
butkul yangi yoʻnalishga burib yubordi. Atoqli yozuvchi Jorj Bernard Shou
“Oʻzgarishsiz taraqqiyot mumkin emas va oʻz fikrini oʻzgartira olmaganlar hech
narsani oʻzgartira olmaydi”, deb aytgan edi. Davlatimiz rahbari ham
islohotlarni, avvalo, yurtdoshlarimizning fikrini oʻzgartirish, dunyoqarashini
kengaytirishdan boshladi.
Birgina misol, xalqimizning taʼlim
sohasi, ilm-maʼrifatga bugungi munosabati bundan oʻn-yigirma yil oldingidan
butkul farq qiladi. Joriy yil 24-fevral kuni Prezidentimizning yoshlar bilan
muloqotida Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng yuqori surʼatda
rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani maʼlum qilindi. Yoshlarning bunday
eʼtirofga sazovor boʻlishi keyingi yillarda taʼlim sohasi, xususan,
Oʻzbekistonning salkam 6,5 million oʻgʻil-qizi oʻqiydigan maktab taʼlimidagi
yangilanishlar hosilasidir.
Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida
yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 oltin, 147 kumush, 221 bronza medalni
qoʻlga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli
universitetlarda tahsil olayotgan yoshlarimiz 500 dan, nufuzli OTMlar 100
taligidagi oliygohlarda oʻqiyotgan yigit-qizlarimiz 3500 dan ortdi. Ushbu
raqamlar Oʻzbekiston bejiz eʼtirof etilmaganining isbotidir. Keling, ushbu
natijalarga zamin hozirlagan taʼlim sohasidagi ortga qaytmas, yurtdoshlarimiz
dunyoqarashida evrilish yuz berishiga sabab boʻlgan islohotlarni birma-bir
yodga olamiz.
Ilm-maʼrifat — kelajak kafolati
Taʼlim sohasiga qarash bundan oʻn-oʻn besh yil oldin butkul
boshqacha edi. Ilgari yurtdoshlarimiz farzandlariga “Oʻqib olim boʻlasanmi, shu
toʻrtta qoʻyni boqqaning maʼqul” yoki “savdongni qilaver”, deya tanbeh berardi.
Bugun esa bilim olishga farovon hayotning kafolati, kelajak poydevori sifatida
qaralmoqda. Oʻzbekiston ilm-fan mamlakatiga aylanib bormoqda.
Esingizdami, ilgari hududlarda toʻyxona qurish eng maqbul
tadbirkorlik yoʻnalishiga aylangandi. Faqat markaziy shaharlarda emas, balki
olis qishloq va ovullarda ham bir-ikkita toʻyxona boʻlardi. Taʼlimdagi
yangilanishlar, universitet va institutlarga oʻqishga kirish boʻyicha davlat
imtihonlari shaffoflashgach, yoshlar uchun oliy taʼlim muassasalari eshigini
ochadigan “oltin kalit” faqat ilm ekani oydinlashib qoldi. Natijada shaharu
qishloqlarda oʻquv markazlari tashkil etila boshladi. Ilm berish, imtihonga
oʻquvchilarni tayyorlash tadbirkorlikning eng samarali yoʻnalishi boʻlib qoldi.
Hatto toʻyxonalarning ayrimlari qayta jihozlanib, oʻquv markazlariga
aylantirildi.
Albatta, oʻquv markazlarining keng ommalashuvida yaratilgan
qulay shart-sharoit, imtiyoz va ragʻbatlarning yil sayin ortib borishi ham
puxta zamin hozirladi. Xususan, oʻquv markazi ochgan yosh tadbirkorlarga 7 yil
muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit, chekka hududlarda esa 120
million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy oʻquv markazlarida
xorijiy tillarni oʻrganadigan yoshlar toʻlovining “2+6” oy shaklida qoplab
berilishi tarmoqning yanada gurkirab yashnashiga xizmat qildi.
Natijada xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha sertifikatga
ega yoshlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi samara berib, sertifikatli
yigit-qizlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming
instruktor shakllandi. Xususiy oʻquv markazlari soni 3 karra koʻpayib, 38
mingdan oshdi.
Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan
ochiq muloqotida qayd etilishicha, endi Xususiy oʻquv markazlari uyushmasi
tuzilib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan
tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod
etiladi. Bunday markazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga
stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni tarmoq yagona katta
kuchga aylanib, ish samaradorligi karrasiga ortishi koʻzlanmoqda. Shuningdek,
“Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv
markazlari faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda
beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz,
oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi.
Oʻgʻil-qizlarning asosiy vaqti maktabda oʻtadi. Demak,
yoshlarga ilm berishda maktab asosiy maskandir. Oʻquv markazlari esa ularning
eng yaqin koʻmakchisi boʻladi. Shu bois, keyingi yillarda bu tizim butkul
yangicha qiyofa kasb etdi. Maʼrifat maydoniga Prezident maktablari kirib keldi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil
etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu maktablar
hududlar boʻylab keng miqyosda tashkil etildi. Turli sinovlar bilan iqtidorli
yoshlar saralab olingan ushbu maktab bitiruvchilari nafaqat mahalliy, balki
xorijiy taʼlim muassasalarida ham oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi.
Keyinchalik Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi
tashkil etilib, umumiy oʻrta taʼlim maktablari orasida ixtisoslashgan yangi
muassasalar — Prezident hamda ijod va turli fanlarga ixtisoslashgan maktablar
faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ulardagi oʻqitish sifatini yuzlab bitiruvchilarining
mahalliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalariga muddatidan oldin oʻqishga qabul
qilinayotganida ham koʻrish mumkin. Birgina misol: 2024-yili Toshkent
shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Abdulaziz Sobirov dunyo reytingida
yetakchi 5 talikka kiruvchi Garvard universitetiga grant asosida oʻqishga qabul
qilingan. Shuningdek, oʻtgan yillarda Asilbek Ashurov, Goʻzal Haydarova, Sayfullo
Saidov nufuzli 10 ta OTM qatoridagi universitetlarga grant asosida oʻqishga
kirdi.
Prezident maktablari muvaffaqiyatli tuzilma sifatida ham
Oʻzbekiston ilm mashʼalini jahon sahniga olib chiqmoqda. Jumladan, 2025-yil
yanvarda Toshkent shahridagi Prezident maktabi Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan
ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofotning “Global
oʻrta maktablar” nominatsiyasida gʻolib deb topildi. Dunyoda ekologik masalalar
tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Toshkentdagi Prezident maktabi
oʻquvchilari oʻqituvchisi bilan birga aynan ana oʻsha global muammoga yechim
boʻladigan loyihasi bilan tanlovda tengsiz deb topildi.
Boshqa turdagi davlat maktablari faoliyati ham
tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqilib, isloh etilmoqda. Jumladan, ularda aniq
fanlar, axborot texnologiyalari, chet tili boʻyicha maxsus
(ixtisoslashtirilgan) sinflar ochildi. Ushbu oʻzgarishlar koʻlamida xususiy
sektorning ham oʻz oʻrni ahamiyati bor. Tarmoqdagi keng koʻlamli islohotlardan
soʻng ommalashgan faqat bir funksiyali katta-kichik oʻquv markazlari
raqobatbardoshligi susaydi. Endi ular ham moddiy-texnik bazasini yangilab,
xususiy maktablar koʻrinishiga oʻta boshladi. Asosiy omil raqobatbardoshlikni
oshirish, davlat tomonidan tarmoqqa berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan keng
foydalanish hamda yanada jozibadorlikni oshirish boʻldi. Oʻtgan besh yilda
qurilgan davlat maktablaridan xususiy maktablar soni koʻp. Biznesning oltin
qoidasi bu — talab bor joyda taklif paydo boʻladi. Ushbu fakt ham taʼlim
tizimidagi islohotlar nafaqat sohani, balki yurtdoshlarimizning ilm-fan,
maʼrifatga intilishi, qiziqishini yuksaltirgani, dunyoqarashini oʻzgartirganini
bildiradi. Ammo bu bilan islohotlar bir zum boʻlsa ham toʻxtab qolgani yoʻq.
Aksincha yangi loyiha va tashabbuslar yanada shiddat bilan davom etmoqda.
Jumladan, oʻtgan yili tizimda katta oʻzgarish va yangilanishlar boʻldi.
Davlatimiz rahbarining pirovard
maqsadi faqat ixtisoslashgan maktablar yoki xususiy taʼlim muassasalarida
oʻqitish sifatini oshirishgina emas, balki mamlakatdagi barcha maktablarda
taʼlimning yuqori sifatini taʼminlash orqali xalqning savodxonlik darajasini
koʻtarish va Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishdan
iborat. Prezidentimiz boshchiligida 2025-yil 9-sentyabrda boʻlib oʻtgan
maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda
kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor
yigʻilishida sohadagi oʻzgarish va yangilanishlar belgilab berildi. Xususan,
xalqaro standartlarga moslashtirilgan taʼlim tizimiga oʻtilishi qayd etildi. Bu
oʻzbek yoshlarining nufuzli xalqaro universitetlarga hujjat topshirishidagi
ayrim toʻsiqlarni bartaraf etadi.
Shuningdek, yangi islohotlarga koʻra,
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab yagona davlat imtihonlari joriy etiladi. Yaʼni
maktab davrida oʻquvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy taʼlimga
yoʻnaltirish uchun 9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari
oʻtkaziladi. Bunda bitiruvchilar toʻplagan ballariga koʻra, oʻqishni oliy
taʼlim muassasasi yoki texnikumda davom ettiradi.
Endi Oʻzbekistonda maktablar faqat bilim beruvchi maskan
emas, ularga oʻquvchilarni kasbga oʻrgatib, texnikumlarga yoʻnaltiruvchi
tuzilma sifatida ham qaralmoqda. Bu esa yoshlarning bandligini taʼminlash,
ertangi hayotini yoʻlga qoʻyishi uchun yana bir imkoniyat degani. Maktablar
baliq tutib bermaydi. Oʻquvchilarning qoʻliga qarmoq tutqazadigan, ularning
kelajagiga poydevori qoʻyiladigan maskanga aylanib bormoqda.
Bu ham maktabdagi oʻqitish sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, ota-onalar avval farzandining maktabda ololmagan bilimidagi boʻshliqni
qoʻshimcha manbalar bilan toʻldirgan boʻlsa, endi ular maktabning oʻzidan
taʼlim sifatini talab qila boshlaydi. Chunki maktabdagi bilimi va baholari oʻquvchilarning
kelajagini belgilab beradi.
Inson qadrini ulugʻlash oʻqituvchilar maqomini yuksaltirishdan boshlandi
Davlatimiz rahbari boshqaruvining ilk
yillaridanoq maktabdagi taʼlim tizimini tub isloh qilish, buning uchun,
birinchi navbatda, maqomini oshirish orqali oʻqituvchilarni maktabga qaytarish,
ayniqsa, ular orasida erkak oʻqituvchilar sonini koʻpaytirishga alohida eʼtibor
qaratildi. Chunki Prezidentimiz kuchli davlat, yuksak jamiyat qurishni, avvalo,
maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishdan boshlash
kerak ekanini teran anglardi. Oʻqituvchilar esa bu tizimning asl egalari edi.
Bir paytlar Yaponiya bosh vaziridan davlatning urushdan
keyingi muvaffaqiyati siri nima ekani haqida soʻraladi. Shunda bosh vazir “Biz
oʻqituvchilarga imperatorning hurmatini, elchining daxlsizligini va vazirning
maoshini berdik”, deya javob beradi. Toʻgʻri, oʻxshatish bir oz nooʻrin
boʻlishi mumkin. Lekin Oʻzbekiston koʻp yillik ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishda
turgʻunlik davrini boshdan kechirayotgan edi. Bundan esa, birinchi navbatda,
umumiy oʻrta taʼlim tizimi jabr chekayotgandi. Boisi, oʻsha yillarda
oʻqituvchilar bolalarga taʼlim-tarbiya beruvchi muhtaram ustoz emas edi.
Hokimiyat vakillari uchun majlislarni toʻldiradigan kishilar, yo boʻlmasa, turli
hasharlarga jalb qilinadigan byudjet vakillari edi. Soliqchilar uchun soliq
yigʻuvchi, mahalla faollari uchun uyma-uy yurib, oilalarni yarashtiruvchi,
oilaviy nizolarni bartaraf etuvchi kishilar edi. Bir soʻz bilan aytganda,
ularning maktabdan boshqa hamma joyda ishlayotganini koʻrish mumkin edi. Davlat
idoralari vakillarining bunday munosabati yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar
ongida ulugʻ kasb egalariga nisbatan notoʻgʻri dunyoqarashni shakllantirib
qoʻygandi. Koʻp bor ota-onalarning maktab oʻqituvchisi bilan janjal qilishi,
hatto oʻquvchilarning oʻz ustoziga qoʻl koʻtarishi holatlari guvohi boʻldik
oʻsha kezlarda.
Prezidentimiz oʻqituvchi va murabbiylarning mehnati yangi
Oʻzbekiston poydevori ekanini taʼkidlab, birinchi navbatda, ularni maktablarga
qaytardi. Bu sohadagi majburiy mehnatga keskin va murosasiz yondashdi.
Oʻqituvchi va murabbiylarning xizmatidan moddiy manfaatdorligini orttirib,
“oʻqituvchilar ming dollar oylik oladi”, deya soʻz berdi. Minbardan soʻzlangan
bu gaplarga koʻpchilik ishonqiramadi. Sababi oʻsha davrlarda pedagoglar bunday
oylikni hatto orzu ham qilmas edi. Ammo bugunga kelib, sohadagi yangi tashabbus
va loyihalar natijasida oʻqituvchilar bundan ham koʻp oylik maosh olishiga
puxta imkoniyat hozirlandi.
Albatta, bunday imkoniyat faqatgina ilm yoʻlida fidoyilik
koʻrsatayotgan kasb egalariga nasib etmoqda. Sababi guruch kurmaksiz
boʻlmaganidek oʻz ustida ishlamaydigan, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan
yondashmaydiganlar bilan muallimlik nomiga sharaf keltirayotganlar bir xil
ragʻbatlantirilishi notoʻgʻri boʻlardi, albatta. Shu bois, turli sertifikat,
malakani belgilovchi imtihonlar joriy etildi. Oʻqituvchilarning doimiy oʻz
ustida ishlashi katta daromad topishiga asos boʻlmoqda.
Oxirgi yillardagi islohotlar
natijasida ilmga, ilm egalariga qaratilgan eʼtibor ustozlar qadrini misli
koʻrilmagan choʻqqiga olib chiqdi. Ularni masʼullarning zugʻumidan qutqarib,
moddiy taʼminotini yaxshiladi, jamiyatning eng hurmatli insonlariga aylantirdi.
Islohotlar oʻzbek oʻgʻil-qizlarining mazkur sohaga qiziqishini oshirdi. Bugun
oʻquvchilar oʻqituvchi boʻlishni orzu qilyapti. Ota-onalar farzandlarining
pedagog boʻlish istagini ragʻbatlantiryapti. Xalqimizning dunyoqarashi butkul
oʻzgarib, kasb fidoyilarining qadriga yetadigan boʻldi. Davlatimiz rahbari va
hukumatimiz bu borada jamiyatga, xalqqa eng katta oʻrnak koʻrsatdi.
Ortga qaytmas islohotlar natijasida yangi Oʻzbekiston
ilm-maʼrifat davlatiga aylanib bormoqda. Shu bois, Uchinchi Renessans poydevori
aynan maktablarda qoʻyilishi shubhasiz.
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri