Avvalroq Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning Karvonsaroy mahallasida aholi bilan oʻtkazgan uchrashuvida mahalla ahli chiqindilarning oʻz vaqtida olib ketilmayotgani masalasini koʻtargan edi. Murojaatda chiqindilarni olib chiqish xizmati baʼzan ikki oyda bir marta amalga oshirilayotgani aytilgan.

Shundan soʻng Karvonsaroy, Xovosobod va Yettiguzar mahallalarida maishiy chiqindilarni yigʻish va olib chiqishning yangi tartibi ishlab chiqildi.

Unga koʻra, uchta mahallaga uchta zamonaviy elektr motoulov ajratildi. Ular xonadonlar va chiqindi tashuvchi katta texnika kirishi qiyin boʻlgan tor koʻchalardan maishiy chiqindilarni yigʻib, maxsus vaqtincha chiqindi yigʻish shoxobchalariga olib boradi.

Yigʻilgan chiqindilar esa shu kunning oʻzida katta maxsus transport vositalari orqali poligonga olib ketilishi rejalashtirilgan.

Bu tizim chiqindilarni xonadonlardan tezkor yigʻish, katta texnikaning har bir tor koʻchaga kirib chiqishiga boʻlgan ehtiyojni kamaytirish hamda transport va vaqt sarfini tejashga qaratilgan.

Ayni paytda mahallalar kesimida chiqindilarni yigʻish va olib chiqish grafiklari ishlab chiqilmoqda.

Eʼtiborlisi, aholi tomonidan koʻtarilgan muammo amaliy yechimga ega boʻldi. Endi asosiy vazifa — yangi tizimni barqaror ishlatish va mahallalarda chiqindilar toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik.