Hujjat bilan ekologik xavfsizlikni taʼminlash, xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish tizimini takomillashtirish va ularni raqamli nazorat qilish boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Prezident qaroriga muvofiq, 2030 yilgacha moʻljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi doirasida togʻ-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz hamda elektr energetikasi korxonalarida hosil boʻladigan radioaktiv va I–IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini 20 foizga yetkazish belgilandi.
Hujjatda qayta ishlab boʻlmaydigan xavfli chiqindilarni xavfsiz va minimal hajmda joylashtirish, maxsus obyektlarda saqlanayotgan chiqindilarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda ularning manbalari, hajmi, tarkibi va joylashtirish joylari boʻyicha davlat hisobini yuritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Qarorga koʻra, 2027 yil 1 yanvardan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasi asosida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda yillik rejalar ishlab chiqadi.
Unda chiqindilar hajmini kamaytirish, qayta ishlash ulushini oshirish hamda ularni faqat tegishli vakolat, infratuzilma va ijobiy ekologik ekspertiza xulosasiga ega ixtisoslashgan tashkilotlarga zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki koʻmish uchun topshirish nazarda tutilgan. Zarur imkoniyatlarga ega tashkilotlarga ushbu ishlarni mustaqil amalga oshirish huquqi ham beriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 oktabrdan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar statistik hisobotlarni shakllantirib, har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyining 20 sanasiga qadar Agentlikning axborot tizimiga kiritib borishi shart boʻladi. Bu talablar bajarilishi ustidan nazoratni Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya amalga oshiradi.
Qaror bilan xavfli va radioaktiv chiqindilarni boshqarish sohasida institutsional oʻzgarishlar ham amalga oshiriladi. Jumladan, Agentlik huzurida Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi oʻz vazifa va vakolatlarini saqlab qolgan holda Agentlik tizimiga oʻtkaziladi.
Uran merosi obyektlarini ekologik qayta tiklash ishlarida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi maxsus vakolatli organ, Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi esa operator sifatida belgilandi.
Foydalanishdan chiqarilgan maxsus chiqindi saqlash obyektlari ularni ekologik tiklash uchun ajratilgan mablagʻlar bilan birga Agentlik tasarrufiga bepul oʻtkaziladi. Direksiyaning xoʻjalik faoliyatidan olinadigan sof daromadining 50 foizi, shuningdek, rekultivatsiya mablagʻlari obyektlarni qayta tiklash va uzoq muddatli monitoring ishlariga yoʻnaltiriladi.
Qarorda sohani raqamlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. 2027 yil 1 yanvarga qadar maxsus axborot tizimi ishlab chiqilib, xavfli chiqindilarning raqamli pasporti yaratiladi. Natijada I–III xavflilik sinfiga mansub chiqindilarning har bir tonnasi hosil boʻlgan joyidan to utilizatsiya qilinishiga qadar real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi.