O‘sish sur’ati ancha yuqori. 2025-yili 17 261 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplangan bo‘lsa, 2026-yil yakunigacha 25 850 nafarlik marrani ko‘zlab turibmiz. Bir yilning o‘zida yana 8 589 nafar yosh. Bu, albatta, sezilarli sakrash.
Xo‘sh, imkoniyatdan kimlar ko‘proq foydalanyapti?
Eng katta ulush 18–23 yoshli yigit-qizlarga (33 317 nafar) tegishli. 14–17 yoshli 25 112 nafar yosh ham xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan. Demak, jami kompensatsiya olganlarning 79 foizi 14–23 yoshdagilar. Bu esa bolalar maktab davridayoq xalqaro sertifikatlar va xorijiy ta’lim imkoniyatlariga jiddiy tayyorlanayotganini bildiradi. Umumiy hisobda imkoniyatdan 38 503 nafar qiz va 35 599 nafar yigit foydalangan.
Qaysi yo‘nalishlarga talab yuqori?
IELTS bo‘yicha hozirgacha 54 048 nafar yoshga 125 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langan. SAT bo‘yicha ham raqamlar chakki emas: 9 082 nafar. Demak, yoshlarimiz mo‘ljalni tobora baland olyapti.
Yana bir yaxshi tendensiya, tanlov kengaymoqda: koreys tilidan TOPIK, xitoy tilidan HSK, nemis tilidan TestDAF, Goethe-Zertifikat kabi xalqaro imtihonlar ham kompensatsiya tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lib boryapti.
Qoraqalpog‘istonning shimolida bu imkoniyatga yetish uchun IELTSdan 6 ball kifoya. Davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, 12 ta hududda doimiy yashovchi yoshlar IELTS’dan 6 va undan yuqori yoki TOEFL’dan 60 va undan yuqori ball olsa, imtihon xarajatlari qoplab beriladi.
Bu raqamlarni ko‘rish, albatta, quvonarli. Bir necha yil oldin minglab yoshlar foydalangan imkoniyat bugun o‘n minglab yoshlarni qamrab olyapti.