3–10 sentabr kunlari Janubiy Koreyaning Kyonggi provinsiyasi Gvangju shahrida Koreya armiyasi Maxsus operatsiyalar kuchlari qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi uchinchi bor ishtirok etdi.

Bellashuvda 8 davlatdan 28 ta merganlar jamoasi qatnashdi. Jumladan, Janubiy Koreyadan 15 ta, Oʻzbekistondan 3 ta, Vyetnamdan 3 ta, BAA va Moʻgʻulistondan 2 tadan, Turkiya, Kambodja va Qozogʻistondan 1 tadan jamoa ishtirok etgan.

Musobaqa doirasida jami 20 ta maxsus taktik mashq bajarildi. Ishtirokchilar shahar, togʻ va oʻrmon sharoitida turli masofalardagi nishonlarga pistolet, avtomat va merganlik qurollaridan aniq oʻq uzish boʻyicha bellashdi.

Bu yilgi musobaqaning oʻziga xos jihati — mashqlarning hech biri oʻtgan yilgi shartlarni takrorlamagani boʻldi. Mashqlarning shartlari va qoidalari ular boshlanishiga qadar ishtirokchilarga maʼlum qilinmagan.

Shuningdek, nishonlarning 40 foizini harakatlanuvchi va havoda uchuvchi dron nishonlar tashkil etdi.

Musobaqada merganlarning yuqori darajadagi diqqat-eʼtibori, chidamliligi va kuchli stress ostida, kunduzi hamda tunda murakkab mashqlarni bajarish qobiliyati sinovdan oʻtkazildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Oʻzbekiston jamoasi xorijiy davlatlarning 13 ta merganlar jamoasi orasida eng yuqori natijani qayd etdi:

  • Oʻzbekiston — 678,4 ball
  • Vyetnam — 666,6 ball
  • Turkiya — 471,1 ball

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa mazkur musobaqada 2024 yilda ikkinchi, 2025 yilda esa birinchi oʻrinni egallagan edi.

Musobaqa gʻoliblari 11 sentabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olinadi.