Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari ushbu mamlakat Migratsiya departamenti bosh direktori oʻrinbosari Aminudin bin Yahaya bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda diplomatlar Oʻzbekistonda vizasiz kirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar sonini kengaytirish va viza jarayonlarini liberallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish, xorijda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.
Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda dunyoning 93 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgan, 70 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun esa elektron viza tizimi ishga tushirilgan.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Malayziya davlat rahbarlarining oʻzaro rasmiy tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar natijasida savdo-iqtisodiy, turizm, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Malayziya Migratsiya departamenti vakili Aminudin bin Yahaya Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Uning qayd etishicha, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlar oqimi ortib bormoqda.
Shuningdek, Malayziyada qonuniy boʻlib turish uchun ruxsatnoma olgan Oʻzbekiston fuqarolari soni koʻpayib borayotgani maʼlum qilindi. Oʻzbekistonliklar Malayziyaga asosan taʼlim olish va malakali mutaxassis sifatida mehnat qilish uchun kelayotgani qayd etildi.