Ma’lum qilinishicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Google hamkorligida Google’ning xalqaro verifikatsiya bo‘yicha hamkor platformasi SheerID O‘zbekistonni rasmiy qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritgan.

Bu orqali talabalar Google verifikatsiyasidan o‘tib, bir yillik Google Gemini AI Plus obunasini bepul rasmiylashtirishlari mumkin.

Google Gemini AI Plus obunasi sun’iy intellektdan o‘qish, tadqiqot va ijodiy loyihalarda foydalanish uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi.

Jumladan:

  • Gemini: foydalanish limitlari oshiriladi va ilg‘or Flash Thinking modeliga kirish imkoniyati beriladi.

  • 400 GB bulutli xotira: Google Photos, Google Drive va Gmail xizmatlari uchun umumiy xotira taqdim etiladi.

  • Google Flow: sun’iy intellekt yordamida kinematografik sahnalar va hikoyalar yaratish imkoniyati.

  • Gmail’da Gemini: elektron pochta xizmati ichida sun’iy intellektdan bevosita foydalanish.

  • Gemini Notebook: audio va video materiallarni qisqacha bayon qilish, testlar tayyorlash va tadqiqotlarga yordam beruvchi funksiyalardan foydalanish.

  • Sun’iy intellekt asosidagi musiqa studiyasi: musiqa yaratishga mo‘ljallangan vositalardan foydalanish.

Talabalar Google verifikatsiyasidan o‘tish uchun Aileaders.uz platformasi orqali murojaat qilishlari mumkin.

Shuningdek, platformada jahonning yetakchi kompaniyalariga tegishli sun’iy intellekt bo‘yicha 100 dan ortiq xalqaro kurslarni bepul o‘rganish imkoniyati ham taklif etilmoqda.

Sun’iy intellekt sohasida o‘z loyihalarini ishlab chiqishni istaganlar esa Startupbase.uz platformasi orqali startap tashabbuslarini rivojlantirish imkoniyatlari bilan tanishishlari mumkin.