Maʼlum qilinishicha, mazkur qoidabuzarliklar soliq organlari orqali fosh etilgan boʻlib, Qoʻmitaning “Fair Tech” yagona axborot tizimi orqali doimiy nazoratga olingan.
2025–2026 yillar davomida tizimga kelib tushgan maʼlumotlar asosida 991 ta dorixonada — 152 ta ulgurji va 839 ta chakana savdo nuqtalarda jami 414 mingdan ortiq qonunbuzarlik holati qayd etilgan.
Tekshiruvlar natijasida 8,5 milliard soʻm miqdorida asossiz daromad olingani aniqlanib, ushbu mablagʻlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Shu bilan birga, litsenziya talablarini buzgan korxonalar boʻyicha tegishli hujjatlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga taqdim etildi.
Qayd etilishicha, qator dori tarqatuvchi tashkilotlar — “FARM EFFEKT”, “PHARMA BREND”, “GIPOFIZ FARM”, “MAXSUDBEK BIZNES”, “THE GREAT FARM” va “MEDEX GROUP PHARM” korxonalarining litsenziyalari narxlarni sunʼiy oshirgani uchun bekor qilingan.
Raqobat qoʻmitasi mazkur yoʻnalishda nazoratni yanada kuchaytirish, qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan dorixonalarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish hamda ular roʻyxatini ochiq eʼlon qilib borishini maʼlum qildi.