“Ko'hna zamin durdonalari”

    ajdodlarimizning tadrijiy tarixi aks etgan “Qushtepa-II” yodgorligiga oid “Ko'hna zamin durdonalari” deb nomlangan ko'rgazma tashkil etiladi. Ko'rgazma 17 oktyabrdan – 17 dekabrga qadar davom etadi

    Samarqand davlat muzey-qo'riqxonasida miloddan avvalgi IV-III asrdan, milodiy VIII asrgacha va qisman V-VII asrlarda ajdodlarimizning tadrijiy tarixi aks etgan “Qushtepa-II” yodgorligiga oid “Ko'hna zamin durdonalari” deb nomlangan ko'rgazma tashkil etiladi. Ko'rgazma 17 oktyabrdan – 17 dekabrga qadar davom etadi.

    O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda Qo'rg'ontepa tumani, Qorasuv shahri, “O'zbekiston Mustaqilligining 15 yilligi” mahalla hududida joylashgan “Qo'shtepa-II” tarixiy yodgorligiga ilmiy ekspeditsiya uyushtirilgan edi.

    Tadqiqotlar natijasida 3 ta qatlamdan iborat yodgorlik 12 asrdan ko'proq uzluksiz hayot izlarini saqlab kelayotgani, ya'ni, miloddan avvalgi IV-III asrdan, milodiy VIII asrgacha va qisman V-VII asrlarda ajdodlarimizning tadrijiy tarixi aks etganligi aniqlandi.

    Yodgorlikning turli qatlamlarida qadimgi tosh va bronza davrlariga oid topilmalarning aniqlanishi, yaqin atrofda so'nggi paleolit va Chust madaniyatiga tegishli manzilgohlarning mavjudligi yoki Qo'shtepa tosh va bronza davrlarga oid manzilgohlar ustida qad ko'tarilganligidan dalolat beradi.

    Qazishma davrida topilgan jami mingdan ziyod sopol idishlar, taqinchoqlar, qurol-aslahalar bo'laklari va boshqa ashyolar muzey fondiga taqdim qilindi. 20 dan ziyod noyob sopol buyumlari tashkil etilishi rejalashtirilgan ko'rgazmada namoyish etilishi uchun O'zFA Arxeologiya instituti hamda Samarqand davlat muzey qo'riqxonasi mutaxassislari ko'magida qayta tiklandi.