Bu sana 1950 yilda barcha davlatlar va manfaatdor tashkilotlarni har yili 10 dekabrni Inson huquqlari kuni sifatida belgilashga chaqiruvchi Bosh Assambleyaning 423 (V) rezolyutsiyasi qabul qilinganidan buyon  nishonlanmoqda. Shuningdek, 10 dekabr` kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiya ham qabul qilingan.

Ushbu hujjatning noyobligi, avvalo, unda umuminsoniy qadriyatlar aks ettirilganligi bilan ifodalanadi. Deklaratsiyani ishlab chiqishda turli xil falsafiy, mafkuraviy va diniy qarashlarning vakillari ishtirok etgan. Deklaratsiyaning har bir moddasi qizg'in muhokamalar mavzusi bo'ldi. Deklaratsiya loyihasi bo'yicha ishchi guruhning 85 ta yig'ilishi va 1400 marta ovoz berish bo'lib o'tdi. Inson huquqlari to'g'risidagi deklaratsiya matni bo'yicha ishlar ikki yil ichida yakunlandi.

Hujjatning universalligi shundaki, u qabul qilinganidan buyon dunyoning eng ko'p tarjima qilingan hujjatiga aylandi, ya'ni, 500 dan ortiq tillarga tarjima qilingan. Hujjat ko'plab yosh mustaqil davlatlarning konstitutsiyalari uchun qo'llanma bo'lib xizmat qildi. U Ginnesning rekordlar kitobiga 500 dan ortiq til va shevalarga tarjima qilingan hujjat sifatida kiritilgan bo'lib, bu uning universal xarakterga ega ekanligi va tarqalish ko'lami kengligidan dalolat beradi.

Deklaratsiya har bir insonning teng qadr-qimmati o'zida ifoda etadi. Deklaratsiya va uning tamoyillarini himoya qilish bo'yicha ishtirokchi davlatlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlar millionlab odamlarning qadr-qimmatini himoya qilishga imkon va adolatli dunyo uchun asos yaratdi. Deklaratsiya vaqt sinovidan o'tib, u o'zining abadiy qadriyatlari - tenglik, adolat va inson qadr-qimmatining o'zgarmas universalligidan dalolat beradi.

Deklaratsiya majburiy hujjat hisoblanmasa-da, inson huquqlari bo'yicha 60 dan ortiq xalqaro shartnomalarning qabul qilinishiga hissa qo'shdi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro pakt, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro pakt, shuningdek uning asosida qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi Xalqaro paktning Fakultativ protokollari ko'pincha Inson huquqlari to'g'risidagi Xalqaro Bill deb ataladi.

O'zbekiston Respublikasi Inson huquqlari to'g'risidagi Xalqaro Bill tarkibiga kiritilgan barcha hujjatlarning ishtirokchisi hisoblanadi. Bugungi kunda Deklaratsiya qoidalari dunyoning barcha davlatlari Konstitutsiyalarida, shu jumladan, O'zbekistonning Konstitutsiyasida ham o'z aksini topgan.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari boshqarmasi  har yili ushbu xalqaro sanani nishonlash bo'yicha keng ko'lamli kampaniya o'tkazadi. Bu yilgi xalqaro inson huquqlari kunida jahon hamjamiyati barchani birlashishga va har bir inson uchun barcha inson huquqlarini amalga oshirishga asoslangan yangi ijtimoiy shartnomani talab qilishga chaqirdi. Tinchlikni tiklash uchun “avvalgidan yaxshiroq” tamoyili asosida inson huquqlari uchun kurashish g'oyasi ilgari surildi.

Shuni ta'kidlash lozimki, O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan samarali hamkorlik qilmoqda. 2017 yil may oyida Oliy Komissar janob Zayd Raad Al-Husayn O'zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tardi. 2018 yil 1 sentyabrdan BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari lavozimida Mishel Bachelet ishlab kelmoqda.

Bundan tashqari, har 5 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e'lon qilingan kun - 10 dekabrda BMTning Inson huquqlari bo'yicha mukofotini topshirish marosimi bo'lib o'tadi. Ushbu mukofot 1966 yilda Inson huquqlarini himoya qilishga ulkan hissa qo'shganlarni va unga loyiq topilganlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan va birinchi marta 1968 yilda ushbu mukofot berilgan. Mukofot sovrindorlari orasida Jimmi Karter, Martin Lyuter King, Nelson Mandela, eleanor Ruzvelt bor.

Bu borada ta'kidlash joizki, joriy yilda O'zbekistonda xam “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi. Ko'krak  nishoni inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko'rsatgan xizmatlari uchun har yili xalqaro inson huquqlari kunida, ya'ni 10 dekabrda topshiriladi.

Joriy yilda ushbu xalqaro sana mamlakatimizda ham o'ziga xos tarzda nishonlanmoqda. Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetida inson huquqlari haftaligi o'tkazilmoqda. Haftalik doirasida universitetda qator tadbirlar, talabalar o'rtasida olimpiada, insholar tanlovi tashkil etiladi.

Universitetda xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi mavjud.  “xalqaro huquqda inson huquqlari” o'quv kursi o'tkazilmoqda. Kurs 3 tilda - o'zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Kurs mazmuni inson huquqlari tarixi, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar va mexanizmlar, mintaqaviy inson huquqlari tizimlari, inson huquqlari bo'yicha milliy qonunchilik va uni amalga oshirish mexanizmlari, inson huquqlari bo'yicha hisobot va monitoring, ijtimoiy ehtiyojmand toifalarni himoya qilish, inson huquqlarining barqaror rivojlanish maqsadlari bilan o'zaro aloqasi kabi masalalarni o'z ichiga oladi. YA'ni, dastur zamonaviy davrda inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishning eng dolzarb masalalarini qamrab oladi. Kurs doirasida talabalar xalqaro standartlar, inson huquqlari bo'yicha xalqaro sud va ma'muriy sud organlari amaliyotini o'rganadi, O'zbekistonda inson huquqlari sohasida ko'rilayotgan choralarni muhokama qiladi, milliy qonunchilikni tahlil qiladi.

Kafedrada inson huquqlari to'garagi mavjud bo'lib, uning tarkibida qo'shimcha darslar o'tkaziladi. YAqinda klub doirasida talabalar O'zbekistonning BMTdagi tashabbuslari va raqamli inson huquqlari to'g'risida videofilmlar tayyorladi. Oktyabr oyida TDYUUda bo'lib o'tgan BMT haftaligida O'zbekistonning tashabbuslari haqidagi videoroliklar namoyish etildi. Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz tomonidan tashkil etilgan raqamli iqtisodiyot va inson huquqlariga bag'ishlangan tanlovga raqamli inson huquqlari bo'yicha videolar taqdim etildi.

Shuningdek,  talabalarimiz har yil AQSHda o'tkaziladigan Djessap nomidagi xalkaro tanlovda, Xalqaro jinoyat sudi bo'yicha xalkaro tanlovda (ICC Moot court) ishtirok etadi. Bu  yil xam tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Pandemiya sababli bu yil bu tanlovda onlayn rejimda o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Ta'kidlash joizki, kafedra a'zolari inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish masalalari bo'yicha tadqiqotlar olib bormoqda, etakchi milliy va xorijiy jurnallarda, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida maqolalar chop etilmoqda.

Xususan, hozirgi paytda kafedrada bola huquqlari, odil sudlov sohasida inson huquqlarini ta'minlash, mehnat sohasida inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarga bag'ishlangan tadqiqotlar amalga oshirilyapti.

Kelgusida biz inson huquqlari bo'yicha onlayn kurslar, inson huquqlari sohasidagi xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va talabalar uchun inson huquqlari bo'yicha musobaqalar tashkil qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlarning axborot manbai sifatidagi roli tobora ortib borayotganini inobatga olgan holda, biz ijtimoiy tarmoqlarda talabalar ishtirokida kanallar ochib, inson huquqlari sohasida qonunchilikni rivojlantirishning ilg'or tajribalari va tendentsiyalari to'g'risida ma'lumot berishni rejalashtirmoqdamiz.

Xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga ham aloxida e'tibor qaratmokdamiz. Jumladan, yaqinda Germaniya, Turkiya professorlari tomonidan talabalar uchun “Xalqaro tashkilotlar huquqi”, “Islom huquqi” fanlaridan mahorat darslari tashkil etildi. BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda qator tadbirlar tashkil etildi.

Inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish ko'p jihatdan jamiyatdagi huquqiy madaniyat darajasiga bog'liq. Huquqiy madaniyatning eng muhim qismi bu inson huquqlari madaniyati hisoblanib, uning darajasi o'z navbatida inson huquqlari sohasidagi ta'lim sifatiga bog'liq. Shuning uchun biz inson huquqlari bo'yicha ta'lim tizimini takomillashtirishda davom etamiz.

Nozima G'OFUROVA,

TDYUU kafedra mudiri, yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD)

Feruza HAMDAMOVA,

TDYUU o'qituvchisi, yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD)