Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali – Xalqaro Turkiy akademiyasining “Navoiy oltin medali” sohibi boʻldi

    Madaniyat 29 Dekabr 2021 1435

    Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Davlat mukofoti laureati, professor Muhammad Ali Xalqaro Turkiy akademiyasining 2021-yil 24-dekabrda Qozogʻistonning Nur-Sulton shahrida oʻtkazgan nufuzli ”Sharqning porloq yulduzlari” xalqaro anjumanida ishtirok etib qaytdi.

    Anjuman turk xalqlari adabiyotining faxru iftixorlari sanaladigan ulugʻ shoir va mutafakkirlar Nizomiy Ganjaviyning 880-yillik, Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi, Yunus Emro vafotining 700-yilligi, mashhur oqin Jambil Jaboyevning tavalludiga 175-yil toʻlgani sanalariga bagʻishlandi. Mamlakat Milliy kutubxonasi zalida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston vakillarini, shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati aʼzolari, taniqli davlat arboblari, deputatlar, xorijiy diplomatiya idoralari rahbarlari, ziyolilar, olim va yozuvchilarni koʻrish mumkin edi.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabariga koʻra, Koʻrgazmada Akademiya tomonidan qozoq tilida nashr etilgan Nizomiy asarlari, “Yunus Emro sherlari” (tarjimon Svetqali Nurjan), Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn”(tarjimon Toʻrali Qidir) va boshqa kitoblar qoʻyilgan.

    Mamlakat Parlamenti Senati raisi M.Ashimboyev, oʻzbek shoiri va adibi Muhammad Ali, ozaybayjonlik tarjimon Ramiz Asqar, Parlament Majlisi deputati, adabiyotshunos olim Savutbek Abdurahmonov, tarjimon Svetqali Nurjan va boshqa soʻzga chiqqanlar Sharqning mangu soʻnmas yulduzlari boʻlgan ulugʻ ajdodlarimiz haqida ruhlantiruvchi va minnatdorlik soʻzlarini aytdilar.

    Turk dunyosida madaniy-adabiy aloqalarni rivojlantirishga oʻz muhim hissalarini qoʻshib kelayotgan bir guruh adiblar Xalqaro Turkiy akademiyasining “Navoiy oltin medali” yuksak mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida Amir Temurga bagʻishlangan “Ulugʻ saltanat” roman-epopeyasini yaratgan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, professor Muhammad Ali nomining borligi adabiyotimiz uchun quvonchli hodisadir. Bu adib asarlarini xorijda eʼtirof etilganiga yorqin misoldir. Mukofotlarni Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi M.Ashimboyev oʻz egalariga topshirdi.