Dam olish kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida biroz shamol bilan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Ushbu kunlarda harorat asosan kechalari 13-18°, kunduz kunlari 30-35° atrofida boʻladi. Bu sentyabr oyining ushbu kunlari uchun oʻrtacha yillik harorat qiymatlaridan biroz yuqoridir.
Faqat respublikaning shimoliy hududlariga 25-sentyabr yakshanba kuni Volga boʻyi hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi boshlanadi.
Qoraqalpogʻistonda va kechga tomon Xorazm viloyatida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi va shamol 15-20 m/s gacha, baʼzida 21-23 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar kuzatilishi mumkin. Qoraqalpogʻistonning shimolida harorat pasayishi boshlanadi.
Keyingi haftaning boshida nam va salqin havo massasi kirib kelishi Oʻzbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol chang-toʻzonlar bilan 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Janubning eng chekkasida va Fargʻona vodiysida shamolning kuchayishi 21-23 m/s ga yetishi mumkin.
Dushanba kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, seshanba kuni togʻ oldi va togʻli hududlarda yomgʻir yogʻadi. 2500 m dan yuqori boʻlgan baland togʻlarda yomgʻir qorga aylanadi. Dushanba kuni shimoliy viloyatlar boʻyicha, seshanba kuni esa respublikaning barcha hududlari boʻyicha salqinlashadi. Havo harorati kechalari 10-13° gacha, kunduz kunlari 22-25° gacha pasayadi.