45,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2023-yil yanvar oyi uchun moʻljallangan eksport rejasini 131 foizga bajardi.

    Aytish joizki, kombinat mahsulotlari asosan Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Bolgariya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Polsha, Tojikiston, Niderlandiya, Xitoy kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Shuningdek, kombinat mahsulotlari yangi bozorlar, xususan Senegal, JAR, Avstriya, Ispaniya, Finlyandiya va Singapur kabi davlatlarga ham yuborilmoqda.

    Joriy yilning yanvar oyida 45,1 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan. Mahsulotlar kesimida oladigan boʻlsak, 29,1 million dollarlik mis mahsulotlari (3,4 ming tonna), 6,6 million dollarlik rux metalli (2,1 ming tonna) va 9,4 million dollarlik boshqa turdagi mahsulotlar eksport qilindi.

    Eʼtiborlisi, Niderlandiya davlatiga 8,8 million dollarlik 126 tonna molibden mahsulotlari eksport qilindi, bu koʻrsatkich rejaga nisbatan 180 foizni tashkil etdi.

    Soʻnggi paytlarda nodir metallar, molibden va volfram mahsulotlariga dunyo bozorida talab ortib bormoqda. Bunda kombinatning Samarqand viloyatida joylashgan Ingichka konidagi texnogen chiqindilaridan volfram metalini olishni boshlagani muhim ahamiyat kasb etadi, deyiladi kombinat matbuot xizmati xabarida.