7 yashar qizni avtomashinasiga chiqarib, unga uyatsiz buzuq harakatlar qilgan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “7 yoshlik qizga 60 yoshlik erkak tahdid qilib, oʻzining gʻarazlik niyatini amalga oshirmoqda” sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

    Bolalar ombudsmani mazkur holatni oʻz kuzatuviga olganini maʼlum qildi.

    Yangi Namangan tumanida yashovchi F.O. (ayol) ichki ishlar organlariga oʻz arizasida 2024-yil 27-mart kuni voyaga yetmagan qizi (2017-yilda tugʻilgan) J.S. koʻchada oʻrtoqlari bilan oʻynab yurgan vaqtida shu yerdan oʻtib ketayotgan I.B. (erkak, 1956-yilda tugʻilgan) qizni oʻz avtomashinasiga chiqarib, unga uyatsiz buzuq harakatlar qilganligini bildirgan.

    Ushbu voqea yuzasidan joriy yilning 5-aprel kuni Namangan shahar IIO TB tomonidan I.B. ga nisbatan JKning 129-moddasi 1-qismi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Hozirga tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Bolalar ombudsmani oʻz kuzatuvini davom ettirib, holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qildi.