Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi va uning hududiy boʼlinmalarida tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi boʼyicha oʼrganish oʼtkazildi. Natijada 831 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, 527 ta holatda tadbirkorlik subʼektlari faoliyatida tekshirish oʼtkazish bilan bogʼliq qonunchilik talablari buzilgan.
Shuningdek, 185 ta holatda litsenziyalash va ruxsat berish bilan bogʼliq davlat xizmatlari koʼrsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
Shu bilan birga, 85 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisidagi qonunchilik talablari buzilgan.
Bundan tashqari, “Davlat ekologik ekspertiza markazi” DUK tomonidan tadbirkorlarning ekologik ekspertiza xulosasi olish yuzasidan yoʼllangan 20 ta murojaatlarining koʼrib chiqish muddatlari oʼtkazib yuborilgan va ularga tekshiruv kunga qadar javob berilmaganligi maʼlum boʼldi.
Qayd etilgan kamchiliklarga yoʼl qoʼygan Qoʼmita hamda uning tizimidagi tashkilotlarning 99 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.